Prezident Shavkat Mirziyoyev ShHTni 2040 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif qildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 1 sentyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida nutq so‘zladi. Davlat rahbari ShHT doirasida iqtisodiy hamkorlik, sun’iy intellekt, transport, energetika, iqlim o‘zgarishi va mintaqaviy xavfsizlik masalalari bo‘yicha bir qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Shavkat Mirziyoyev, avvalo, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovga sammitni yuqori darajada tashkil etgani uchun minnatdorlik bildirdi va qirg‘iz xalqini davlat suverenitetining 35 yilligi bilan tabrikladi.
Prezident ShHT tashkil etilganiga 25 yil to‘lganini qayd etib, tashkilot o‘tgan chorak asr davomida o‘zining zarurligi va samaradorligini namoyon etganini ta’kidladi. O‘zbekiston ShHTni ochiq, bloklardan xoli va tinchliksevar hamkorlik platformasi sifatida rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlab kelayotganini aytdi.
Mirziyoyev xalqaro maydonda geosiyosiy bo‘linish, ishonch taqchilligi va mojarolar kuchayib borayotganini qayd etib, Yaqin Sharqdagi vaziyatdan alohida xavotir bildirdi.
«Biz mintaqada muloqotni qayta tiklash va keskinlikni yumshatishning qat’iy tarafdorimiz», — dedi Prezident.
Shavkat Mirziyoyev ShHT oldida turgan dolzarb vazifalar bilan birga, tashkilotning uzoq muddatli istiqbolini ham aniq belgilab olish zarurligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston «ShHT — 2040: umumiy taraqqiyot makoni» konseptual qarashini ishlab chiqishni taklif qildi.
Uning asosiy maqsadi investitsiyalar, texnologiyalar va bilimlar erkin almashiladigan, yirik infratuzilma va sanoat loyihalari amalga oshiriladigan, mamlakatlar, biznes va aholi o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar kengayib boradigan o‘zaro bog‘liq va barqaror makonni shakllantirishdan iborat bo‘lishi kerak. Prezident ShHT davlatlarining ulkan inson, tabiiy, ishlab chiqarish va intellektual salohiyati, avvalo, aholi farovonligini oshirishga xizmat qilishi lozimligini bildirdi.
O‘zbekistonda ShHT davlatlari bilan birgalikda 1500 dan ortiq qo‘shma loyiha amalga oshirilayotgani, o‘zaro savdo va investitsiyalar hajmi ortib borayotgani qayd etildi. Mirziyoyev bu dinamikani ko‘p tomonlama qo‘shilgan qiymat zanjirlarini rivojlantirishga yo‘naltirish zarurligini ta’kidlab, maxsus iqtisodiy zonalar, ishlab chiqarish jarayonlari, sotuv bozorlari va logistikani birlashtiradigan ShHT Sanoat kooperatsiyasi xaritasini ishlab chiqishni taklif qildi.
Shuningdek, ShHT Taraqqiyot bankini amalda ishga tushirishga o‘tish zarurligi bildirildi. Tashkilotning Hukumat rahbarlari kengashiga transport, energetika, sanoat kooperatsiyasi va raqamli infratuzilma sohalaridagi ustuvor loyihalar portfelini shakllantirish vazifasini boshlash taklif etildi.
Prezident Xitoy Raisi Si Szinpinning sun’iy intellekt sohasida hamkorlik bo‘yicha butunjahon tashkilotini tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
«O‘ylaymanki, ShHT ushbu yangi texnologik alyansning birinchi hamkorlari qatorida bo‘lishi kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston ShHTning ochiq ko‘p tilli ma’lumotlar korpusini shakllantirish bo‘yicha qaror qabul qilishni taklif qildi. Bundan tashqari, kelgusi yili Toshkentda ShHTning sun’iy intellekt va yangi raqamli yechimlar bo‘yicha forumini o‘tkazishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Shavkat Mirziyoyev iqlim o‘zgarishi mamlakatlarning oziq-ovqat, suv va energetika xavfsizligiga tobora ko‘proq ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi. Shu sababli ShHT doirasida ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha yagona kun tartibini shakllantirish va maxsus mexanizm tashkil etish taklif qilindi. Shuningdek, 2035 yilga qadar suv va energetika samaradorligi sohasida ShHTning texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi.
Prezident xalqaro transport yo‘laklarining keng tarmog‘ini shakllantirishni davom ettirish muhimligini ta’kidlab, ShHTga a’zo davlatlarning temir yo‘l makonlarini integratsiya qilish bo‘yicha kengash ta’sis etishni taklif qildi.
Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash mintaqaviy xavfsizlik va taraqqiyot uchun muhim ekani qayd etildi.
««Barchamizga yaratuvchan mintaqaviy jarayonlarga integratsiyalashgan, farovon qo‘shni mamlakat kerak», — dedi Prezident.»
Mirziyoyev ShHTning Afg‘oniston bilan xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlik masalalari bo‘yicha muntazam muloqotini qayta tiklash vaqti kelganini bildirdi.
Prezident, shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlik ShHTning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolishini ta’kidladi. Xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash maqsadida 2028–2030 yillarga mo‘ljallangan an’anaviy san’at va nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash hamda ommalashtirish bo‘yicha hamkorlik dasturini tayyorlash taklif etildi.
Nutqining yakunida Shavkat Mirziyoyev Pokistonning ShHTga raislik qilishdek mas’uliyatli vazifani qabul qilib olgani munosabati bilan Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifga bildirilgan tabriklarga qo‘shildi.
Prezident O‘zbekiston bundan buyon ham mintaqa barqarorligi va taraqqiyoti yo‘lida o‘zaro hurmat, yaxshi qo‘shnichilik va ishonch muhitini mustahkamlashga hissa qo‘shishga tayyor ekanini ta’kidladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter