Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Raqobat qo‘mitasi tezkor «arbitraj» tizimini yaratishni taklif qilmoqda

Raqobat qo‘mitasi tezkor «arbitraj» tizimini yaratishni taklif qilmoqda

Elektron tijoratda shikoyatlar soni ortib bormoqda. Raqobat qo‘mitasi vaziyatni tahlil qilib, nizolarni tezkor hal etish uchun yangi mexanizmni taklif qildi.

O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyot rivoji bilan elektron tijorat jadal kengayib, onlayn xaridlar aholi hayotining muhim qismiga aylandi. Shu bilan birga, iste’molchilar va tadbirkorlar o‘rtasidagi munosabatlarda turli nizolar ham ko‘paymoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2026-yil birinchi choragi yakuniga ko‘ra, elektron tijorat platformalari bo‘yicha 111 ta sub’yektga nisbatan jami 1 657 ta murojaat kelib tushgan. Ularning asosiy qismi tovar sifati — 602 ta holat (36,3 foiz), to‘lov munosabatlari — 278 ta (16,8 foiz) va yetkazib berish jarayonlari — 188 ta (11,3 foiz) bilan bog‘liq.

Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida 983 ta yoki 60 foizi ijobiy hal etilgan. Shuningdek, iste’molchilar foydasiga 350 mln so‘mga yaqin mahsulotlar almashtirilgan yoki qayta hisob-kitob qilingan.

Tahlillarga ko‘ra, shikoyatlarning katta qismi bozor yetakchilari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Xususan, Uzum Market bo‘yicha 490 ta murojaat qayd etilgan bo‘lib, asosiy muammolar tovar sifati va yetkazib berish bilan bog‘liq. Uzum Nasiya bo‘yicha 391 ta, Alif xizmatlari bo‘yicha 52 ta murojaat moliyaviy hisob-kitoblar va qarzdorlik masalalari bilan bog‘liq ekani aniqlangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda rasmiy murojaatlar kamroq bo‘lsa-da, bu segmentda firibgarlik va qaytarib bo‘lmaydigan to‘lovlar xavfi yuqori ekani qayd etilmoqda. Ayniqsa, tovarning tavsifga mos kelmasligi, to‘lov shaffofligi va logistikadagi uzilishlar asosiy muammo bo‘lib qolmoqda.

Raqobat qo‘mitasi ushbu muammolarni bartaraf etish uchun xalqaro tajribalarga tayanilgan qator yechimlarni taklif qildi. Jumladan, xaridor tovarni tasdiqlamaguncha mablag‘ni ushlab turuvchi «escrow» to‘lov tizimini joriy etish muhim deb baholanmoqda.

Shuningdek, platformalarda avtomatlashtirilgan nizolarni hal qilish — tezkor «arbitraj» tizimini yaratish, hamda sotuvchilar reytingi va javobgarligini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring