Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sirdaryo va Jizzaxda yuz minglab bemorlardan asossiz pul olingani ma’lum bo‘ldi

Sirdaryo va Jizzaxda yuz minglab bemorlardan asossiz pul olingani ma’lum bo‘ldi

Raqobat qo‘mitasi tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan pullik tibbiy xizmatlar narxlarining shakllantirilishi yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvlarda qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi. O‘rganishlar natijasida Sirdaryo va Jizzax viloyatidagi tibbiyot muassasalari tomonidan qariyb 350 ming nafar iste’molchidan jami 440 million so‘mga yaqin mablag‘ asossiz olingani ma’lum bo‘ldi.

Eng yirik qonunbuzilish holati Sirdaryo viloyatida qayd etildi. Guliston tibbiyot klasterida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida muassasa 2024-yilda ko‘rik xizmatlari bo‘yicha bilvosita xarajatlarni taqsimlash koeffitsiyentini hisoblashda xatolikka yo‘l qo‘ygani aniqlangan.

Natijada 110 turdagi pullik tibbiy xizmat bo‘yicha qariyb 100 ming nafar iste’molchi bilan hisob-kitoblarda xatolikka yo‘l qo‘yilib, muassasa tomonidan 340 million so‘mga yaqin asossiz daromad olingan.

Raqobat qo‘mitasi ma’lum qilishicha, mazkur holatlar «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonun talablariga zid hisoblanadi. Qonunga muvofiq, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot iste’molchiga xizmat haqida to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi hamda ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishi mumkin emas.

Shu munosabat bilan Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi maxsus komissiyasi tomonidan Guliston tibbiyot klasteriga nisbatan qariyb 340 million so‘m mablag‘ni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berildi.

Jizzax viloyatidagi tekshiruvlarda ham shunga o‘xshash holat aniqlangan. Respublika Ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Jizzax filialida 2023–2025-yillar davomida pullik tibbiy xizmatlar noto‘g‘ri hisoblangani ma’lum bo‘lgan.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, mazkur filial tomonidan qariyb 40,5 ming nafar mijozdan jami 100 million so‘mdan ortiq mablag‘ asossiz undirilgan. Hududiy boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan muassasaga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, ortiqcha olingan mablag‘larni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring