To‘qayev mamlakat uchun eng qadrli boylik haqida gapirdi
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 16-dekabr — Mustaqillik kuni munosabati bilan mamlakat xalqiga yo‘llagan tabrigida mustaqillikni barcha narsadan qadrli boylik deb atadi.
«Ushbu bayram mamlakatimiz uchun o‘ziga xos ahamiyatga ega. Shu kuni xalqimiz Qozog‘istonni suveren davlat sifatida rivojlantirish uchun erkin va yakuniy tanlov qildi. Mustaqillik — barchasidan qadrliroq! Biz ajdodlarimiz ruhiga bosh egamiz va yosh avlod oldidagi tarixiy mas’uliyatni his qilib, ushbu tamoyilga sodiq qolamiz», — deyiladi tabrikda.
Qayd etilishicha, fuqarolarning birligi, o‘zaro qo‘llab-quvvatlashi va ijodiy mehnati, shuningdek, jamiyatdagi barqarorlik va totuvlik tufayli Qozog‘iston o‘z mustaqilligini mustahkamlashda sezilarli yutuqlarga erishdi.
Qutlovda dunyo shiddat bilan o‘zgarib borayotganiga ham e’tibor qaratilgan.
«Endi butun dunyo tez o‘zgarmoqda. Turli qiyinchiliklar bilan bir qatorda yangi imkoniyatlarga to‘la yangi tarixiy davr boshlandi. Bunday vaziyatda biz, yosh va kelajakka intiluvchi millat sifatida, istiqbolga katta umid va mustahkam ishonch bilan qarashimiz va muborak birligimizni saqlashimiz kerak. Biz mamlakatimizning global miqyosdagi obro‘si va raqobatbardoshligini oshirish va Qozog‘istonni gullab-yashnayotgan davlat sifatida rivojlantirish uchun astoydil harakat qilishimiz kerak», — dedi To‘qayev.
Tabrikda adolatli, kuchli, toza va xavfsiz Qozog‘istonni qurishdek strategik vazifa ro‘yobi muhim ekani uqtirilgan.
Qozog‘iston Mustaqilligi kuni (Tәuyelsіzdіk kүnі) davlat bayrami sanaladi. 1991-yil 16-dekabrda «Qozog‘iston Respublikasining davlat mustaqilligi to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonun qabul qilingan va mamlakat suveren taraqqiyot yo‘lini tanlagan edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter