Prezident Yunusoboddagi obodonlashtirish ishlari va zamonaviy infratuzilmani ko‘zdan kechirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yunusobod tumanida joylashgan «Yunusobod galereyasi» savdo, xizmat ko‘rsatish va biznes markaziga tashrif buyurdi.
Ikki yarim gektar maydonni egallagan ushbu yirik majmuada 53 ming kvadrat metrdan ziyod savdo va tijorat maydonlari tashkil etilgan. 14 million dollarlik xorijiy investitsiya hisobiga qator xorijiy brendlar o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.
Umuman olganda, majmuada 100 dan ortiq savdo nuqtalari ochilib, 500 ga yaqin ish o‘rinlari yaratilgan. Markazga yiliga 2,5 million nafargacha tashrif buyuruvchi kelishi kutilmoqda.
Loyiha qiymati 43 million dollar bo‘lgan ushbu majmuaning arxitektura-dizayn yechimi joriy yil MDH davlatlari o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro me’morchilik tanlovida birinchi o‘rinni egallagan.
Prezident shu yerda ochilgan kitob do‘konida nashriyotlar vakillari hamda kitobxon yoshlar bilan suhbatlashdi.
Kitob savdosini rivojlantirish, umuman olganda mutolaa madaniyatini bolalikdan boshlab keng ommalashtirishning muhimligi, shuningdek, ilmiy va badiiy adabiyotlar nashrini kengaytirish, bu borada nashriyotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Poytaxt faollari, nuroniylar va yoshlar bilan samimiy suhbat bo‘lib o‘tdi.
– Barcha sohalarda erishilayotgan natijalar, avvalo, yurtimizdagi tinchlik va xalqimiz hamjihatligi samarasidir. Poytaxtimiz kun sayin obod va ko‘rkam qiyofa kasb etmoqda. Buni chet eldan kelayotgan mehmonlar ham alohida e’tirof etmoqda. Birdamlikda gap ko‘p. Uning ildizi, eng avvalo, mahallalarimizda. Adolatli bahoni ham xalqning o‘zi, shu mahalla beradi. Shuning uchun odamlarni rozi qilishga qaratilgan ishlarimizni eng quyi bo‘g‘indan boshladik, – dedi Prezident.
Markazga tashrif doirasida davlatimiz rahbariga shu yerda faoliyat yuritayotgan «Unicon-Soft» IT kompaniyasi faoliyati taqdim etildi.
Mamlakatimizda axborot texnologiyalari sohasida yaratilgan qulay shart-sharoit va imtiyozlar natijasida davlat boshqaruvini raqamlashtirish, aloqa infratuzilmasini yaxshilash, IT ta’limini rivojlantirish kabi ko‘plab yo‘nalishlarda milliy dasturiy mahsulot ishlab chiqaruvchilarning ishtiroki izchil kengayib bormoqda.
Prezidentning «Ma’muriy islohotlar doirasida raqamli texnologiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilishning asosiy yo‘nalishlari belgilangan.
Ushbu jarayonga Yunusobod tumanida faoliyat yuritayotgan «Unicon-Soft» kompaniyasi ham munosib hissa qo‘shib kelmoqda. 2017 yilda tashkil etilgan korxona shu kunga qadar respublika bo‘ylab 70 dan ortiq dasturiy tizim ishlab chiqqan va joriy etgan.
Kompaniyaning barcha hududlar hamda 208 ta tuman (shahar)larda axborot tizimlarini joriy qilish va texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha filiallari mavjud. Ularda 1,5 mingdan ortiq xodim faoliyat yuritmoqda, shundan 80 foizini yoshlar tashkil etadi.
Ayni paytda «Unicon-Soft» tomonidan raqamlashtirish yo‘nalishida dasturiy va texnik vositalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, bojxona faoliyatini raqamlashtirish, shuningdek, «Raqamli mahalla» platformasini joriy etish rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari kompaniyaning ushbu yo‘nalishdagi loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Milliy IT mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, yoshlarning sun’iy intellekt texnologiyalari sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, davlat idoralarida raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Shuningdek, Prezidentimiz Rixsiliy ko‘chasida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari va zamonaviy infratuzilmani ko‘zdan kechirdi.
Ko‘chaning ikki kilometrlik qismida muhandislik va transport infratuzilmasi tubdan yangilandi. Shuningdek, 24 soat faoliyat yuritadigan savdo, umumiy ovqatlanish hamda ko‘ngilochar ob’yektlar tashkil etildi. Natijada 650 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Hududda kuniga o‘rtacha 35 mingga yaqin avtotransport vositasi harakatlanadi. Buni inobatga olgan holda, aholi xavfsizligi va harakat qulayligini ta’minlash choralari ko‘rildi. Jumladan, 39 ming kvadrat metr piyodalar yo‘laklari barpo etildi. Yuzga yaqin videokuzatuv kameralari hamda o‘nga yaqin favqulodda chaqiruv tugmalari o‘rnatildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter