Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

To‘qayev Yaqin Sharqdagi sulh bitimiga munosabat bildirdi

To‘qayev Yaqin Sharqdagi sulh bitimiga munosabat bildirdi

Foto: Oqo‘rda matbuot xizmati

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 28 fevraldan buyon Yaqin Sharqda davom etayotgan harbiy harakatlar to‘xtatilishiga munosabat bildirdi.

“Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif va Pokiston Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni, feldmarshal Osim Munir vositachiligida Yaqin Sharqda sulh va o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish borasida bitimga erishilganini olqishlaydi. Ushbu bitim AQSh prezidenti Donald Tramp hamda Eron oliy rahbariyati, shuningdek, harbiy ziddiyatga tortilgan barcha mamlakatlarning ezgu irodasi va donishmandligi tufayli ro‘yobga chiqdi”, – deb bayonot berdi Qozog‘iston rahbarining matbuot kotibi Oybek Smadiyarov.

Qayd etilishicha, Q.To‘qayev dunyo savdosi barqarorligi hamda mamlakatlarning iqtisodiy taraqqiyoti uchun uzoq muddatda sulh bitimiga rioya etilishiga umid bildirgan.

Avval xabar berganimizdek, prezident Tramp kecha Eron bilan ikki haftalik sulhga erishilganini ma’lum qildi.

O‘z navbatida Eron hukumati sulhga roziligini tasdiqlab, mamlakat “buyuk g‘alabaga erishgani” va “jinoyatkor Amerikani 10 banddan iborat rejani qabul qilishga majburlagani”ni aytdi.

OAV xabariga ko‘ra, Tehron AQSh va ittifoqchilarining Eronga qarshi harbiy harakatlarini to‘xtatish, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan nazoratni saqlash, uranni boyitish huquqini saqlash, asosiy sanksiyalarni bekor qilish, yetkazilgan zarar uchun tovon undirish kabi talablarni ilgari surgan.

Ammo AQSh va Eron o‘rtasida ikki haftalik otashkesim kelishuvi e’lon qilinganidan so‘ng ham mintaqada jangovar harakatlar kuzatilgani aytilmoqda.

Bu esa tahlilchilarning tomonlar murosaga kelishi o‘ta mushkul degan fikrini tasdiqlaydi.

Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi ham Pokiston rahbariyati vositachiligida Yaqin Sharqda o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish va sulh o‘rnatilishi e’lon qilinganini olqishladi. Rasmiy Toshkent mojarolarni faqat tinch yo‘l bilan, BMT Nizomi tamoyillariga muvofiq qat’iy ravishda hal etish zarurligi to‘g‘risidagi o‘zgarmas pozitsiyasini yana bir karra tasdiqladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring