Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda jamoat transporti: 240 ta avtobus, yangi yo‘nalishlar va «aqlli» svetoforlar

Toshkentda jamoat transporti: 240 ta avtobus, yangi yo‘nalishlar va «aqlli» svetoforlar

Toshkent shahrida jamoat transporti harakatini yaxshilash va uning o‘z vaqtida qatnovini ta’minlash maqsadida qator yangi chora-tadbirlar rejalashtirilmoqda. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashining qurilish, kommunal, suv xo‘jaligi, ekologiya, sanoat va transport masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasining 23 apreldagi qarori qabul qilingan.

Ayni paytda poytaxtda 169 ta yo‘nalishda jami 1 927 ta avtobus harakatlanmoqda. Kunlik qatnovlar soni 23 mingtani tashkil etsa, yo‘lovchilar soni 1,4 million nafarga yetadi. Harakat intervali o‘rtacha 10–12 daqiqa, qatnovlarni bajarish darajasi esa 95 foizni tashkil qilmoqda.

Shu bilan birga, tizimdagi muammolarni bartaraf etish va xizmat sifatini oshirish maqsadida transport parkini kengaytirish rejalashtirilgan. Xususan, qo‘shimcha 240 ta avtobus xarid qilinishi, 16 ta yangi yo‘nalish ochilishi va kunlik qatnovlar soni yana 2 mingtaga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Yo‘llarda jamoat transportiga ustuvorlik berish maqsadida alohida avtobus yo‘laklari kengaytiriladi. Rejaga ko‘ra, 16,2 km BRT yo‘laklari hamda 56 km yangi ajratilgan avtobus yo‘laklari tashkil etiladi. Bu yo‘laklarda tartibni ta’minlash uchun 600 dan ortiq kuzatuv kameralari o‘rnatiladi.

Shuningdek, bekat infratuzilmasini yangilash ishlari ham amalga oshiriladi. 1 116 ta bekat rekonstruksiya qilinib, qo‘shimcha ravishda 70 ta yangi bekat qurilishi rejalashtirilgan.

Transport harakatini samarali boshqarish maqsadida raqamli texnologiyalar joriy etiladi. Jumladan, 545 ta «aqlli» svetofor o‘rnatilib, harakatni real vaqt rejimida boshqarish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Mutaxassislar tomonidan shahardagi xavfli uchastkalar o‘rganilib, yo‘l harakatini tashkil etish sxemalarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi. Shuningdek, yangi turar-joy massivlari hisobga olingan holda bekatlarni qayta joylashtirish va modernizatsiya qilish ishlari ham olib boriladi.

Yo‘llarda tirbandliklarni kamaytirish uchun transport oqimlari doimiy monitoring qilinadi va tezkor choralar ko‘riladi. Shu bilan birga, aholi o‘rtasida jamoat transportidan foydalanish afzalliklarini targ‘ib qilish ishlari ham kuchaytiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring