Tramp Eronga qattiq javob zarbasi berishini ma’lum qildi
AQSh prezidenti Donald Tramp Eronning Iordaniyadagi Amerika harbiy obyektlariga raketa hujumidan keyin Tehronga qattiq javob qaytarilishini bildirdi.
So‘nggi keskinlashuv AQSh kuchlarining Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi Larak orolida Eronning ikki raketa uchirish qurilmasiga zarba berishidan keyin yuz berdi. Vashington bu obyektlarda dengiz minalarini joylashtirishga tayyorgarlik ko‘rilganini bildirgan. Eron esa bunga javoban Iordaniyadagi AQSh harbiylari joylashgan bazalarga ballistik raketalar uchirdi.
Iordaniya harbiylari mamlakat havo hududiga kirgan sakkizta raketani urib tushirganini ma’lum qildi. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, hujumda jiddiy talafot qayd etilmagan.
Tramp Fox News’ga bergan izohida AQShning javobi qattiq bo‘lishini aytgan. U Truth Social’dagi bayonotida esa Eronni «muvaffaqiyatsiz davlat» deb atab, mamlakatning harbiy va iqtisodiy imkoniyatlari jiddiy zaiflashganini ta’kidlagan.
Tehron esa AQShning navbatdagi hujumiga yanada qattiq javob berilishidan ogohlantirmoqda. Eron rasmiylari ayni paytda keng ko‘lamli urushga qaytishni istamasligini aytayotgan bo‘lsa-da, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi vaziyat keskinligicha qolmoqda.
The Washington Post ma’lumotiga ko‘ra, Yaqin Sharqda 50 mingga yaqin AQSh harbiy xizmatchisi qolmoqda. Ayrim amerikalik harbiy rahbarlar esa uzoq davom etayotgan operatsiyalar sur’ati AQSh Qurolli kuchlarining boshqa yo‘nalishlardagi imkoniyatlariga ta’sir qilishi mumkinligidan xavotir bildirgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter