Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tramp Rossiyaga tahdid qildi

Tramp Rossiyaga tahdid qildi

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp 30 sentyabr kuni Virjiniya shtatidagi Kuantiko harbiy bazasida armiya generallari va qo‘mondonlar qarshisida so‘zlagan ma’ruzasida Rossiya xususida tahdidomuz bayonotlar berdi.

Tramp o‘z nutqida Rossiya sobiq prezidenti, RF Xavfsizlik kengashi kotibining o‘rinbosari Dmitriy Medvedevni ahmoq deb atagan va uning yadro quroliga oid mas’uliyatsizlarcha bayonotlari sabab Rossiya sohillariga atom suvosti kemalarini yuborganini aytgan.

“Yaqinda Rossiya bizga yengilgina tahdid qildi. Bunga javoban men atom suvosti kemalarini yubordim. Men “yadro” so‘zi eslangani sabab shunday yo‘l tutdim. Bu – Putin jamoasida ishlaydigan ahmoq odam. Men Rossiya sohiliga bir-ikki suvosti kemasini yubordim. Ehtiyotkorlik vajidan. Biz odamlar bu so‘zni (yadro quroli nazarda tutilmoqda – tahr.) xo‘jasizlarcha foydalanishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz”, – degan Tramp.

Siyosatchi suvosti kemalari bo‘yicha AQSh Rossiya va Xitoydan 25 yil oldinda ekanini qayd etar ekan, garchi hech qachon qo‘llashga zarurat bo‘lmasligini istasa ham, yadro arsenalini modernizatsiya qilish lozimligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, AQShning amaldagi va Rossiyaning iste’fodagi prezidentlari Tramp va Medvedev ko‘pdan buyon ijtimoiy tarmoqlarda dahanaki tortishuvlar qilib kelmoqda.

Medvedev 22 iyun kuni Telegramdagi sahifasida dunyoning bir qator mamlakatlari Eronga jangovar yadro komplektlarini berishga tayyor ekani haqida shov-shuvli post qoldirgandi.

Tramp bunga javoban yadro quroli masalasida o‘ta ehtiyotkor bo‘lish lozimligini uqtirgan, AQSh atom suvosti kemalari, jumladan, “dunyodagi eng kuchli va ajalvor qurol”ga ega ekanini pisanda qilgan edi.

Tramp harbiy qo‘mondonlar huzuridagi ma’ruzasida Rossiya prezidenti Vladimir Putindan ko‘ngli qolganini yana bir karra urg‘ulagan.

“Putindan juda hafsalam pir bo‘ldi. U bu masalaga (Ukraina urushi nazarda tutilmoqda – tahr.) tez va soz kirishadi deb o‘ylagandim. U urushni bir haftada yakunlashi kerak edi. Men Putinga “Ko‘rinishing yomon. Bir hafta davom etishi lozim bo‘lgan urushni 4 yildan buyon davom ettirmoqdasan. Nima sen, qog‘ozdan yasalgan yo‘lbarsmisan?” dedim”, – degan AQSh prezidenti.

So‘nggi vaqtlarda Ukrainadagi urushni to‘xtatish borasida katta va’dalar bergan Tramp Putinni muzokara orqali murosa yo‘liga sola olmasligiga ko‘zi yetgani aytilmoqda.

Prezidentlik saylovi davrida Rossiya – Ukraina urushini 24 soat ichida tugatishga va’da bergan Tramp Oq uyga kelganidan buyon Putin bilan bir necha bor telefonda suhbatlashdi.

Bunga ham qanoat qilmagan respublikachi siyosatchi joriy yil 15 avgust kuni Putin bilan Alyaska shtatida uchrashdi. Ikki davlat rahbari ishtirokidagi qariyb 3 soatlik muzokara amaliy natijasiz yakunlandi. Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish borasida jillaqursa muvaqqat kelishuvga ham erishilmadi.

Tramp rossiyalik hamkasbi bilan muzokarani ijobiy baholadi. U hatto Fox News telekanaliga bergan intervyusida Putin bilan uchrashuvga 10 ballik tizimda 10 ball qo‘yishini aytib maqtandi. Ammo aksar tahlilchilar Alyaskadagi uchrashuv amaliy natija bermagani holda Putinga katta ochko keltirdi deb hisoblaydi. Umuman, Alyaska sammiti Oq uyning mag‘lubiyati, Kremlning g‘alabasi o‘laroq talqin qilindi.

Trampning “Putin aqldan ozibdi!”, “Putindan hafsalam pir bo‘ldi” qabilidagi yozg‘irishlari esa Rossiya rahbariga ta’sir etmayotgani aytilmoqda.

Darvoqe, 30 sentyabr kuni Virjiniya shtatidagi Kuantiko harbiy bazasida tashkil etilgan uchrashuvda Tramp odatdagidek o‘z prezidentlik davrida erishilgan yutuqlar haqida to‘lib-toshib gapirgan. Dunyodagi yettita urushni to‘xtatganini yana bir karra ta’kidlab, unga Nobel mukofotini bermaslik AQShga nisbatan “o‘taketgan hurmatsizlik” bo‘lishini aytgan.

Yig‘ilishda AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset ham ma’ruza qilgan. AP agentligi xabar berishicha, mudofaa vaziri AQSh milliy xavfsizligiga oid muhim xatarlar qatorida armiyada gender muammolariga alohida e’tibor qaratgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring