Trampning 40 yillik qarashlari: Xark oroli atrofidagi tahdidlar va geosiyosiy hisob-kitoblar
AQSh prezidenti Donald Tramp yana bir bor Eronga nisbatan keskin pozitsiyasini namoyon qildi. U shaxsiy ijtimoiy tarmoqdagi bayonoti orqali Basra ko‘rfazida joylashgan Xark oroli haqidagi qariyb 40 yil avval aytgan fikrlarini eslatdi va ularni bugungi vaziyat bilan bog‘ladi.
Bu bayonot Eronga qarshi so‘nggi harbiy harakatlar fonida yangradi va xalqaro miqyosda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, Tramp ilgari bildirgan qarashlarini yana kun tartibiga olib chiqib, ular hali ham dolzarbligini yo‘qotmaganini ta’kidladi.
Tramp o‘z chiqishida 1987-yilda bergan intervyusidan iqtiboslar keltirdi. U o‘sha davrdayoq AQShning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish zarurligini ta’kidlaganini eslatdi.
Uning o‘sha intervyudagi fikrlari juda keskin bo‘lgan.
U shunday degan edi: “Men bu yerdaman, chunki mamlakatimizning talon-taroj qilinishini ko‘rishdan charchadim. Nega borib dengiz sohilidagi neft resurslarining bir qismini egallab olmaymiz?” Bu fikrga javoban berilgan “Buni qanday amalga oshirar edingiz?” degan savolga Tramp yanada ochiq va bahsli pozitsiyani bildirgan. “Qo‘ying, Eron olsin. Siz ham neftni oling. Siz kirasiz, biz kiramiz… Bu Yaqin Sharqda urushga olib keladi”, degan.
Shu bilan birga, u yirik davlatlarning aralashuvi masalasida ham o‘z nuqtai nazarini bildirgan. Uning ta’kidlashicha: “Yirik kuchlar buni qiladi. Eron hujum qilsa, ularning neft ob’yektlaridan birini sizlar ham egallang va yo‘qotishlaringizni qoplang.”
Tramp so‘nggi chiqishida Eron bilan muzokaralar davom etayotganini va muayyan ilgarilashlar mavjudligini ta’kidladi. Biroq u shu bilan birga, kelishuvga erishilmagan taqdirda keskin choralar ko‘rilishi mumkinligini ham ochiq aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra: “Agar qisqa vaqt ichida kelishuvga erishilmasa va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochilmasa, biz barcha elektr stansiyalarini, neft quduqlarini, Xark orolini va hatto suv tozalash inshootlarini yo‘q qilishimiz mumkin.” Tramp bu ehtimoliy harakatlarni Erondagi 47 yillik rejim davomida halok bo‘lgan amerikalik askarlar uchun intiqom sifatida baholadi.
Xark oroli Eron neft eksport tizimining asosiy qismi hisoblanadi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, Eron neft eksportining katta qismi aynan shu orol orqali amalga oshiriladi. Orolda yirik neft terminallari joylashgan bo‘lib, u global energetika bozori uchun strategik ahamiyatga ega.
Shuningdek, Xark orolining Ho‘rmuz bo‘g‘oziga yaqin joylashgani uning ahamiyatini yanada oshiradi. Bu hududdagi har qanday keskinlik dunyo neft ta’minotiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
AQSh va Eron o‘rtasidagi munosabatlar esa uzoq yillardan beri murakkabligicha qolmoqda. Buning asosiy sabablari – Eron yadroviy dasturi atrofidagi bahslar, mintaqadagi ta’sir uchun raqobat, iqtisodiy sanksiyalar va o‘zaro ishonchsizlikdir.
Tramp prezidentligi davrida bu ziddiyat yanada kuchaydi. U Eronga qarshi qat’iy siyosat yuritib, strategik ob’yektlar, jumladan Xark orolini bir necha bor tilga olgan. Mutaxassislar fikricha, hozirgi sharoitda har qanday harbiy keskinlik jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bu – Yaqin Sharqda keng ko‘lamli mojarolar, boshqa davlatlarning nizoga tortilishi, tinch aholi orasida qurbonlar soni ortishi va yangi gumanitar inqirozlarni anglatadi. Ayniqsa, energiya resurslariga bog‘liqlik yuqori bo‘lgan davlatlar uchun bu vaziyat iqtisodiy zarbaga aylanishi mumkin. Xalqaro tahlilchilarning ta’kidlashicha, bunday keskin bayonotlar ko‘pincha siyosiy bosim vositasi sifatida ishlatiladi. Amalda esa, to‘liq harbiy harakatlar katta geosiyosiy xavflarni keltirib chiqaradi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro institutlar bunday vaziyatlarda asosan diplomatik yechimlarni ilgari suradi.
Xark oroli esa nafaqat geografik nuqta, balki energetika, siyosat va harbiy manfaatlar kesishgan strategik hudud hisoblanadi.
Shu sababli, uning atrofidagi har qanday keskin bayonot yoki harakat nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosda jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Trampning 40 yil davomida deyarli o‘zgarmagan pozitsiyasi esa AQSh tashqi siyosatining ayrim jihatlari uzoq muddatli strategik qarashlarga asoslanishini ko‘rsatadi.
Biroq hozirgi sharoitda bunday yondashuvlar dunyo xavfsizligi uchun yangi sinovlarni keltirib chiqarishi mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter