Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Vashington Eron janubiga zarba berilganini tasdiqladi, Tehron javob bilan tahdid qildi

Vashington Eron janubiga zarba berilganini tasdiqladi, Tehron javob bilan tahdid qildi

AQSh Markaziy qo‘mondonligi — CENTCOM Eron janubidagi nishonlarga zarba berilganini tasdiqladi. Tasnim agentligi keltirgan ma’lumotga ko‘ra, AQSh kuchlari Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga tegishli obyektlarga zarba bergan.

Shundan so‘ng Eron janubining bir qator hududlarida portlashlar ovozi eshitilgan. Tasnim mahalliy manbalarga tayanib, Konarakda oltita portlash, Keshm orolining janubiy sohilida esa sakkizta portlash ovozi qayd etilganini xabar qildi.

Shuningdek, Bandar-Abbos va Sirikda ham portlashlar ovozi eshitilgan. Ayrim norasmiy xabarlarda Keshm aeroporti atrofida ham portlash bo‘lgani aytilmoqda. Hozircha zarbalarning aniq nishonlari, yetkazilgan zarar va ehtimoliy qurbonlar haqida to‘liq rasmiy ma’lumot yo‘q.

Vaziyat ortidan Eronning yuqori martabali harbiy manbasi Tasnim agentligiga mamlakat AQSh hujumlariga «bir necha barobar kuchli» javob berishini bildirgan.

Manbaning aytishicha, mintaqadagi AQSh harbiy bazalari va manfaatlari Eronning javob zarbalari nishoniga aylanishi mumkin. Bu bayonot nomi ochiqlanmagan harbiy manbaga tegishli bo‘lib, hozircha Eron rasmiy harbiy rahbariyatining alohida bayonoti sifatida e’lon qilinmagan.

Ayni paytda AQShning Isroil, Iordaniya, Qatar, Bahrayn va Ummondagi diplomatik vakolatxonalari o‘z fuqarolari uchun xavfsizlik bo‘yicha ogohlantirishlar e’lon qilgani xabar qilinmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring