Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xorazmda bronza davri qabristoni topildi

Xorazmda bronza davri qabristoni topildi

Foto: Fanlar akademiyasi

Xorazm Ma’mun akademiyasining arxeologik ekspeditsiyasi Tuproqqal’a tumanida muhim kashfiyotni amalga oshirdi. Hududda ilgari fanga ma’lum bo‘lmagan, dastlabki xulosalarga ko‘ra bronza davriga mansub qabriston aniqlandi.

Bu yodgorlikdagi dafn inshootlarining tuzilishi olimlarda alohida qiziqish uyg‘otmoqda. Qazishmalar davomida toshdan qurilgan 19 ta yashiksimon qabr qayd etilib, ularning ichidan g‘ujanak holda dafn etilgan jasadlar topildi. Shuningdek, qabrlardan turli ashyolar, jumladan, bronza buyumlar va munchoqlar ham qazib olindi.

Aniqlangan majmua Xorazmning qadimgi tarixini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega. Chunki dafn yodgorliklari mintaqaning qadimgi aholisi madaniyati, dafn marosimlari, ijtimoiy tasavvurlari va turli hududlar aholisi o‘rtasidagi aloqalar haqida muhim ma’lumotlar beradi.

Dafn marosimi va topilmalarning ayrim turlarini dastlabki tahlil qilish natijalari Janubiy Qozog‘istonning Sirdaryo havzasi hududlarida aniqlangan dafn inshootlari bilan muayyan o‘xshashliklar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Bunday parallelliklar ilmiy jihatdan alohida qiziqish uyg‘otadi va bronza davrida Markaziy Osiyoning turli hududlarida yashagan aholi o‘rtasida madaniy aloqalar hamda o‘xshash an’analar mavjud bo‘lganidan dalolat berishi mumkin. Shu bilan birga, yodgorlikning xronologiyasi va madaniy mansubligi haqidagi yakuniy xulosalar arxeologik materiallarni kompleks o‘rganishdan so‘ng chiqariladi.

Ayni vaqtda Akademiya mutaxassislari ekspeditsiya davomida qo‘lga kiritilgan materiallarni dastlabki qayta ishlash va hujjatlashtirish ishlarini olib bormoqdalar. Kelgusida dafn inshootlarini, antropologik materiallarni va dafn anjomlarini batafsil o‘rganish, shuningdek, zarur laboratoriya tadqiqotlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Olingan natijalar yodgorlikning sanasini aniqlashtirish hamda uni Xorazm va unga tutash hududlardagi bronza davri arxeologik madaniyatlari tizimidagi o‘rnini belgilash imkonini beradi.

Ma’lumot uchun: Markaziy Osiyoda bronza davri taxminan miloddan avvalgi III ming yillikning oxiridan miloddan avvalgi II ming yillikning oxirigacha (taxminan miloddan avvalgi 2200–900-yillar) davom etgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring