Yana bir muzeydan nodir eksponatlar o‘g‘irlandi
Suriya poytaxti Damashq shahridagi milliy muzeydan Rim imperiyasi davriga oid oltita marmar haykal va boshqa nodir artefaktlar o‘g‘irlab ketildi.
Mamlakat muzeylar boshqarmasi “bir qator eksponatlarning yo‘qolishi” yuzasidan tekshiruv boshlangani, muzeyni qo‘riqlash choralari kuchaytirilganini ma’lum qilgan.
Muzey qo‘riqchilari va boshqa shaxslar so‘roq qilingan.
Tergovchilar jinoyatni uyushgan guruh emas, balki bitta shaxs amalga oshirgan, degan fikrda. Mutasaddilarga ko‘ra, tergov idorasi muayyan ma’lumotlarni qo‘lga kiritgan va yaqin vaqtda natijalar ma’lum bo‘ladi.
1919 yilda asos solingan Damashq milliy muzeyida nodir artefaktlar, jumladan, miloddan avvalgi XIV asrga oid mixxat bitiklari, milodiy I-II asrga oid yunon-rim haykallari saqlanadi.
Suriyada fuqarolar urushi boshlaganidan bir yil o‘tib, 2012 yilda Damashq milliy muzeyi yopilgan edi. 2018 yilda muzey faoliyati qisman tiklangan. Milliy muzey prezident Bashar Asad hukumati ag‘darilganidan keyin, 2025 yil yanvar oyidan to‘laqonli ravishda faoliyat yuritib kelgan.
Fuqarolar urushi davrida Suriyadagi YuNESKO butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan ob’yektlar, jumladan, Palmira tarixiy obidalari vayron etilgan. Muzeylardagi yana ko‘plab artefaktlar talon-toroj qilingan.
Ma’lumot o‘rnida: joriy yil 19 oktyabr kuni Parijdagi Luvr muzeyida ro‘y bergan o‘g‘rilik ham shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Parij prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, Luvr muzeyidan o‘g‘irlangan imperatorlik davriga oid zeb-ziyonat buyumlarining qiymati kamida 88 million yevroga teng. Bu summa faqat bozor bahosi bo‘lib, ularning tarixiy qiymati hisobga olinmagan.
O‘g‘rilikdan so‘ng Luvr muzeyi rahbariyati qolgan noyob asarlar va zargarlik buyumlarini xavfsiz joyga – Fransiya bankining yer ostidagi omborlariga ko‘chirishga qaror qilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter