Yaroqsiz holga kelgan davlat bayrog‘ini yo‘q qilish tartibi ishlab chiqildi
Adliya vazirligi «O‘zbekiston Respublikasining davlat ramzlarini tayyorlash, saqlash va yo‘q qilish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi Hukumatning tegishli qarori loyihasini ishlab chiqdi.
Hujjat loyihasi bilan Davlat bayrog‘ini tayyorlash, saqlash va yo‘q qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanishi kutilmoqda.
Nizom bilan yaroqsiz holga kelgan davlat bayrog‘ini yo‘q qilish tartibi ham belgilanmoqda.
Unga ko‘ra, davlat hokimiyati organlari va respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari foydalanish uchun yaroqsiz holga kelgan Davlat bayrog‘ini tegishli dalolatnomani rasmiylashtirgan holda mustaqil ravishda yo‘q qiladi. Davlat bayrog‘i yo‘q qilinganligi haqida elektron qayd kitobiga yozuv kiritiladi.
Jismoniy shaxslar va nodavlat yuridik shaxslar o‘zlarida saqlanayotgan, foydalanish uchun yaroqsiz holga kelgan Davlat bayrog‘ini yo‘q qilish uchun shaxsan yoki pochta aloqasi orqali tuman (shahar) ichki ishlar organlariga topshiradi.
Ichki ishlar organlari foydalanish uchun yaroqsiz holga kelgan Davlat bayrog‘ini qabul qilib olgach 5 ish kuni ichida uni tegishli dalolatnomani rasmiylashtirgan holda yo‘q qiladi.
Foydalanish uchun yaroqsiz holga kelgan Davlat bayrog‘ini yo‘q qilish undan qayta foydalanish imkoniyatini istisno etuvchi usullarda amalga oshirilishi lozim. Bunda, Davlat bayrog‘i unga hurmatni ta’minlagan holda, yoqish yoki boshqa usulda yo‘q qilinadi.
Davlat bayrog‘ining omma oldida oshkora yo‘q qilinishi yoki yo‘q qilish jarayonining foto va videotasvirlarini Internet orqali namoyish etish (tarqatish) taqiqlanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter