Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ko‘ksaroyda Qasim-Jomart Toqayevga «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni topshirildi

Ko‘ksaroyda Qasim-Jomart Toqayevga «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni topshirildi

Ko‘ksaroy qarorgohida Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevga O‘zbekiston Respublikasining oliy davlat mukofoti – «Oliy Darajali Do‘stlik» ordenini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari mukofotni topshirar ekan, Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining ikki qardosh xalq o‘rtasida do‘stlik, yaqin qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lidagi ulkan shaxsiy xizmatlarini alohida qayd etdi.

Birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli ikki xalq o‘rtasidagi munosabatlar mutlaqo yangi taraqqiyot darajasiga chiqib, namunali ahamiyat kasb etgani ta’kidlandi. Parlamentlar, hukumatlar, hududlar, biznes, jamoatchilik va yoshlar faol hamkorlik qilmoqda. Madaniy va gumanitar almashinuvlar kengayib bormoqda.

Savdo aylanmasi barqaror o‘sib bormoqda. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika va transport sohalarida yirik kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Qasim-Jomart Toqayevning global miqyosda tinchlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash, shuningdek, mintaqamizda ishonch, o‘zaro hamjihatlik va sheriklik muhitini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlari alohida qayd etildi.

Qozog‘iston Prezidenti davlatimiz rahbari va O‘zbekiston xalqiga bunday yuksak mukofot uchun minnatdorlik bildirdi hamda qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va ittifoqchilik ruhidagi munosabatlar yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring