O‘zbekiston Vena konvensiyasiga qo‘shilish haqidagi hujjatni topshirdi
Xalqaro atom energiyasi agentligi (IAEA)ning Venadagi bosh qarorgohida tashkilot bosh direktori Rafael Grossiga O‘zbekistonning Yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga qo‘shilish haqidagi hujjatni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Uchrashuvda agentlik direktori Rafael Grossi 2024 yil Toshkentga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan mamlakatning qator yadroviy konvensiyalarga qo‘shilishi masalalarini muhokama qilganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston qisqa vaqt ichida yadroviy sohadagi to‘rtta asosiy xalqaro konvensiyaga qo‘shilgan: "Yadroviy xavfsizlik", "Yadroviy avariya yoki radiatsiyaviy avariya holatida yordam ko‘rsatish", "Yadroviy falokat haqida barvaqt xabar berish" haqidagi konvensiyalar qatoriga "Yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi" to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi ham qo‘shildi. Ushbu hujjatga qo‘shilish qarori davlat rahbarining shaxsan e’tibori va qo‘llab-quvvatlashi natijasi bo‘ldi.
2025 yil 26 sentyabrda O‘zbekistonning "Yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga (Vena, 1963 yil 21 may) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida"gi qonuni qabul qilingan. Tegishli me’yoriy-huquqiy hujjatlar asosida O‘zbekistonda yadro energetikasini rivojlantirish, jumladan, atom elektr stansiyasi va kichik modulli reaktorlar qurish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surmoqda. Bu orqali mamlakat qat’iyat va tezkor strategik qarorlar qabul qilish qobiliyatini namoyish etmoqda.
Uchrashuv yakunida bosh direktor O‘zbekiston bilan faol va samarali hamkorlik uchun minnatdorlik bildirdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter