Turkiy davlatlar tashkiloti: tarix va bugun

Turkiy davlatlar yig‘ilishini tashkillashtirish tashabbusi bilan 1991-1992 yilda Turkiya Respublikasi chiqqan va 1992-yilda mazkur formatdagi birinchi sammit Anqara shahrida o‘tkazilgan.
Shundan so‘ng 1994-yilda Istanbulda, 1995-y. – Bishkekda, 1996-y. – Toshkentda, 1998-y. Ostonada, 2000-y. – Bokuda, 2001-y. – Istanbulda, 2006-y. – Antaliyada va 2009-y. – Naxichevanda shu kabi sammitlar bo‘lib o‘tdi.
Aynan Naxichevan shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda «Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini tuzish to‘g‘risida»gi Naxichevan bitimi imzolanib, mazkur yig‘ilish formatidagi uchrashuvlar kengash shakliga aylantirildi.
2019-yil 14-sentyabrda O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan bitimini ratifikatsiya qildi va bu tashkilotning to‘laqonli a’zosiga aylandi.
2021-yil 12-noyabr kuni Istanbul shahida mazkur kengashning 8-sammitida «Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi» – «Turkiy davlatlar tashkiloti»ga aylantirildi.
Ayni paytda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo va kuzatuvchi davlatlarning aholisi taxminan 150 million kishini tashkil etadi. Ular 4 million 200 ming kvadrat kilometrlik katta va muhim geosiyosiy hududda joylashgan. Tashkilotga a’zo davlatlarning jahon iqtisodiyotidagi o‘rni ham juda salmoqli hisoblanadi.
TDT Shtab-kvartirasi Istanbul shahrida joylashgan.
TDTning asosiy maqsadi – tashkilot ishtirokchilari (Ozarbayjon, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston) o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish.
Tashkilotning vazifalari
- tomonlar o‘rtasida o‘zaro ishonch, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash;
- mintaqada va uning tashqarisida tinchlikni ta’minlash va xavfsizlikni mustahkamlash;
- tashqi siyosat masalalari bo‘yicha umumiy pozitsiyalarni qabul qilish;
- umumiy maqsadlarga taalluqli barcha sohalarda samarali mintaqaviy va ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish;
- a’zo davlatlar o‘rtasida savdo va investitsiyalar uchun qulay sharoitlar yaratish;
- qonun ustuvorligini ta’minlash, samarali boshqaruv va inson huquqlarini himoya qilish masalalarini muhokama qilish;
- fan, texnika, ta’lim va madaniyat sohalarida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish;
- ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlikni va muloqotni rivojlantirish;
- huquqiymasalalarbo‘yichaaxborotalmashinuvigako‘maklashish.
TDT – kuzatuvchilari: Vengriya (2018-yildan beri), Turkmaniston (2021-yildan beri).
Turkiy davlatlar tashkiliy tuzilmasi
Davlat rahbarlari kengashi – tashkilotning oliy organi bo‘lib o‘z faoliyatini muntazam uchrashuvlar shaklida amalga oshiradi va uning doirasida:
- dolzarb xalqaro muammolarni hal etishda o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qilinadi;
- tashkilot doirasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilanadi;
- tashkilot faoliyati tahlil qilinadi.
Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi Davlat rahbarlari kengashi majlisiga (sammitga) mezbonlik qiluvchi tomon keyingi shunday majlisga qadar Turkiy davlatlar tashkiloti raisi sanaladi. Hozirgi kunda tashkilot raisi – Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev hisoblanadi.
Tashqi ishlar vazirlari kengashi – o‘z vakolatlari doirasida:
- tashkilotning joriy faoliyati masalalarini ko‘rib chiqadi;
- Davlat rahbarlari kengashi majlislari doirasida muhokama qilish uchun eng dolzarb xalqaro muammolarni belgilaydi;
- Kotibiyatning shtat jadvalini va moliyaviy hisobotini tasdiqlaydi.
Yuqori mansabdor shaxslar qo‘mitasi – har bir davlatdan kamida bitta vakildan iborat tarkibda tuziladi. Qo‘mita o‘z vakolatlari doirasida Kotibiyat faoliyatini muvofiqlashtiradi, Kotibiyat tomonidan ishlab chiqilgan hujjatlar loyihalarini Tashqi ishlar vazirlari kengashida tasdiqlash (qabul qilish)gacha ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi.
Oqsoqollar kengashi– Turkiy davlatlar tashkiloti huzurida doimiy faoliyat yurituvchi maslahat instituti hisoblanadi.Turkiy davlatlar tashkilotining maqsad va vazifalarini amalga oshirishga ko‘maklashish uchun Tomonlar tashkilotning doimiy boshqaruv organi bo‘lgan Kotibiyatni tashkil etadilar.
Kotibiyat o‘z vakolatlari doirasida:
- Davlat rahbarlari kengashi, Tashqi ishlar vazirlari kengashi, Yuqori mansabdor shaxslar qo‘mitasi majlislarini, shuningdek, tashkilot shafeligida boshqa majlislarni o‘tkazish bo‘yicha zarur ma’muriy, tashkiliy va texnik choralarni ko‘radi; hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi;
- hujjatlar arxivini tashkil etadi va yuritadi.
Shuningdek, 2022-yil 27-aprelda Turkiy davlatlar tashkilotining Konstitutsiyaviy sudlar kengashi tashkil qilindi.
Turkiy davlatlar tashkilotining o‘ziga xos jihatlaridan biri, Naxichevan bitimiga ko‘ra, tashkilotning ishchi tillari unga a’zo davlatlarning davlat tillari, ya’ni ozarbayjon, turk, qirg‘iz, qozoq, o‘zbek tili hisoblanadi.
Tashkilot faoliyatini jahon xalqlariga keng miqyosda yetkazish maqsadida ingliz tili ham ishchi til sifatida belgilangan.
- Turkiy davlatlar tashkiloti sha’feligida quyidagi tashkilotlar o‘z faoliyatini yuritmoqda:
- Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (Turksoy – Shtab-kvartirasi Anqarada);
- Turkiy tilli davlatlar parlament assambleyasi (TurkPA – Shtab-kvartirasi Bokuda);
- Xalqaro turkiy Akademiya (Shtab-kvartirasi Ostonada);
- Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi (Shtab-kvartirasi Bokuda);
- Turkiy savdo-sanoat palatasi (Shtab-kvartirasi Istanbulda);
- Turkiy investitsion jamg‘armasi (Shtab-kvartirasi Istanbulda).
Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zolik xalqimizning tub manfaatlariga to‘la javob beradi. Yangi O‘zbekistonning tashqi siyosati chuqur o‘ylanganligi, pragmatik va aniq yechimlarga asoslanganligi, demoktarik ruhda fuqarolarning ehtiyoj va manfaatlariga javob berishi bilan xalqaro hamjamiyat e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.
Xususan, turkiy mamlakatlar bilan aloqalarni rivojlantirish Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim jihati hisoblanadi. TDT bilan hamkorlikning faollashuvi yurtimiz uchun qo‘shni davlatlar bilan ham, mintaqadan tashqaridagi yangi hamkorlar bilan ham ko‘p tomonlama aloqalarni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Bu, o‘z navbatida, nafaqat o‘zaro iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishga, balki turkiy tillar, jumladan, o‘zbek tilining xalqaro maqomini yuksaltirishga xizmat qiladi. Tashkilot ishida doimiy a’zo sifatida ishtirok etish bizga xalqaro maydonda o‘z tashabbuslarimizni ilgari surish, shuningdek, mamlakatimizning turkiy-islomiy taraqqiyot markazlaridan biri sifatidagi jahondagi nufuzi va maqomini mustahkamlash uchun qo‘shimcha siyosiy-diplomatik resurslarni yaratadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter