Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Olimlar Yerning 4,5 milliard yillik «jonsiz» modelini yaratishdi

Olimlar Yerning 4,5 milliard yillik «jonsiz» modelini yaratishdi

Foto: NASA

Tadqiqotchilar Yerning kompyuter modelini yaratib, undan barcha tirik mavjudotlarni — bakteriyalardan tortib odamlargacha «chiqarib tashlab», sayyoraning 4,5 milliard yil davomidagi evolyusiyasini kuzatdilar. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, hatto hayot mavjud bo‘lmagan taqdirda ham, geologik jarayonlar suyuq suv va okeanlarning barqaror kimyoviy tarkibi uchun zarur sharoitlarni saqlab qolishi mumkin ekan.

Olimlar «Agar Yerda hech qachon bakteriyalar, o‘simliklar va hayvonlar paydo bo‘lmaganida, u hayot uchun yaroqli bo‘lib qola olarmidi?» degan savolga javob izlashdi. Buning uchun tadqiqot guruhi sayyoraning tirik organizmlar ishtirokisiz shakllangan batafsil kompyuter modelini ishlab chiqdi.

Model yer qa’rining sovishi, vulqon faolligi, atmosferaning shakllanishi, uglerod aylanishi va quyosh nurining okean yuzasidan aks etishi kabi omillarni hisobga oldi. Tizim Yerning butun geologik tarixi davomidagi o‘zgarishlarni tahlil qildi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, hatto butunlay jonsiz ssenariyda ham sayyorada suyuq suv saqlanib qolishi uchun yetarli harorat ta’minlanadi. Okeanlarning kimyoviy tarkibi ham hayot paydo bo‘lishi uchun qulay me’yorda qolgan. Bu barqarorlikni faqat geologik jarayonlarning o‘zigina ta’minlay olgan.

Ilgari hayotning murakkab shakllari muhit barqarorligini saqlashga yordam beradi va shu orqali o‘z mavjudligi uchun sharoit yaratadi, degan faraz mavjud edi.

Yangi model esa bunday barqarorlik organizmlar ishtirokisiz ham yuzaga kelishi mumkinligini ko‘rsatdi. Bu hayotning asta-sekin shakllanishi emas, balki oldindan tayyor va mos muhitda paydo bo‘lganini anglatadi.

Bu xulosalar Quyosh tizimidan tashqaridagi ekzosayyoralarni qidirishda muhim ahamiyatga ega. Masalan, NASA tomonidan ishlab chiqilayotgan Habitable Worlds Observatory kosmik teleskopi quyoshga o‘xshash yulduzlar atrofidagi toshli sayyoralarni suratga olishi va ularning atmosferasini tahlil qilishi kerak.

O‘zga dunyolarda hayot bor-yo‘qligini aniqlash uchun astronomlar avvalo hayot mavjud bo‘lmagan, ammo yashash uchun sharoitga ega sayyoralarning atmosferasi va okeanlari qanday ko‘rinishda bo‘lishini tushunib olishlari zarur. Yangi model shuni tasdiqlaydiki, bunday «bo‘sh» dunyolar milliardlab yillar davomida okeanlar va yashash uchun mos haroratni saqlab qolish xususiyatiga ega.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring