O‘zbek tilidagi front gazetalari «Qonni ham, jonni ham ayamagan»lar haqida nimalarni yozishgan?

«Bo‘linmamiz Neman daryosining o‘ng qirg‘og‘iga kelib to‘xtadi, bizga qanday bo‘lmasin tezlikda bu daryodan o‘tish va dushmanning chap qirg‘oqda mustahkamlanib olishiga imkoniyat bermay, uni qirib tashlash vazifasi turar edi.
Men bu vazifani bajarishda tashabbuskorlik ko‘rsatdim. Tinchlik vaqtlarida otam yonida yurib, Surxon daryosida yurgan suvchilik hunarimni Nemanda ko‘rsatishga qaror qildim. Komandir ruxsati bilan aholi yashaydigan punktdan ikki qayiq topib, jangchilarni hamda qurollarni daryodan o‘tkaza boshladim.
Dushman kuchli qarshilik ko‘rsatdi, pulemyot va miltiqdan ustimizga to‘xtovsiz o‘q yog‘dirdi, lekin biz ustalik va chaqqonlik bilan harakat qilib mohir suvchilik namunasini ko‘rsatdik. Dushmanning o‘ti ostida Nemanning u chetidan bu chetiga uch marta o‘tdik va bo‘linmani ko‘rsatilgan vaqtda butun jangovar texnikalari bilan Neman daryosining chap qirg‘og‘iga o‘tkazdik. Bo‘linmamiz oldiga qo‘yilgan vazifani muvaffaqiyatli ravishda bajarib, dushmanni Nemanning chap qirg‘og‘ida yanada kuchliroq savaladim.
Gvardiyachi qizil askar N.Sultonov»
Bu sobiq askarning urush tugagach muxbirlarga bergan intervyusi emas. Bu 1944-yil 24 avgust, «Qizil askar haqiqati» gazetasining 52-sonida chop etilgan, urushning qaynoq nuqtasidan yozilgan o‘zbek askarining hikoyasi edi. Biz urush haqida to bugungi kungacha hayot bo‘lgan, tobora safi kamayib ketayotgan urush qahramonlarining hikoyalarini ko‘plab eshitib ulg‘aydik. Va u hikoyalar bugun matbuot arxivlarida saqlanmoqda. Ammo tarix fanlari doktori, profeyesor, «Meros» xalqaro ilmiy-amaliy ekspeditsiyasi jamoat fondi rahbari Rustambek Shamsutdinov tashabbusi bilan chop etilgan «Ikkinchi jahon urushi va front gazetalari» nomli 3 jildli kitob o‘zbek xalqining Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan hissasini bo‘yi basti bilan ko‘rsatib turibdi. Birinchi kitobning muqaddimasida ta’kidlanganidek, bu kitoblarda yig‘ilgan maqolalar Rossiya federatsiyasi davlat kutubxonasida saqlanayotgan «Vatan uchun», «Sovet jangchisi», «Suvorovchi», «Front haqiqati», «Qizil askar haqiqati», «Bong», «Vatan sharafi uchun», «Dushmanga qarshi olg‘a», «Qizil armiya gazetasi» taxlamasining elektron shaklini olib kelishga erishishgan. Ya’ni urush vaqtida, frontlarda o‘zbek tilida chiqqan bunday gazetalar front va front ortidagi O‘zbekiston xalqining g‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasini to‘laqonli yoritishda nihoyatda qimmatli, noyob manba bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
G‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan Rossiyada Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini xotirlash, ularni yo‘qlash qizg‘in pallaga kirgan. Necha yillardan beri urush va urush qatnashchilari haqida qanday ma’lumot borki, yig‘ilmoqda, yildan-yilga o‘sha materiallar hisobiga kinolar, hujjatli filmlar ishlanmoqda. O‘sha ma’lumotlar orasidan o‘zbek halqining urush davrida ko‘rsatgan qahramonliklari va qo‘shgan hissasi haqida maqolalarga qiziqib ko‘rdim. Yuqorida aytganimdek, rus xalqi o‘z ota-bobolarining ko‘rsatgan qahramonliklarini har tomondan o‘rgangan, hatto urush vaqtida qaysi taom qanday pishirilganigacha, askarlar qanday sigaret chekkanigacha, hamshira qizlar ro‘molini qanday o‘raganigacha, qaysi she’r, qo‘shiqlar askarlarni ruhlantirganigacha, qaysi da’vatdan, qaysi hayqiriqdan dushman tomon tahlikaga tushganigacha xotirlangan, o‘rganilgan. Hatto urush davrida, Leningrad qamalida odamlarni ochlikdan saqlagan mushuklar, uyiga, egalariga quyon tutib kelgan kuchuklar haqida ham katta-katta maqolalar berilgan...
Rossiya federatsiyasining davlat kutubxonasida urush vaqtida, o‘zbek tilida chop etilgan gazetalarning elektron varianti saqlanayotgan ekan, demak hali xalqimizning g‘alabaga qo‘shgan munosib hissasi ham o‘rganiladi, ko‘rsatuvlar qilinadi, kinolar ishlanadi. Chunki bu ma’lumotlar juda kamyob va qimmatli, o‘rganish uchun noyob qo‘llanmadir. Axir yuqorida nomlari sanab o‘tilgan gazetalarda qahramonlarimizning o‘z tilidan yozilgan o‘sha davr soatma-soat, kunma-kun yoritib borilgan, tarixga hujjat bo‘lib muhrlangan. O‘zbek askarlari orasida sapyorlardan tortib snayperlargacha, suvchidan tortib o‘qituvchigacha, oddiy harf teruvchidan, hisobchigacha jang qilgan. Ayniqsa o‘zbek qizlarining jasurligi, ya’ni gazetalarda bot-bot chiqishi bu tarixga abadiy muhrlanganidan darak. Biz bilgan Zeboxon G‘aniyeva safida Azizaxon Qalandarova, Sharofat Eshonxo‘jayeva, Xosiyat Usmonova, Roza Ibrohimova, Salomat Sangidova, Rahima Alimova, Sora Shukurovaga o‘xshagan jasur qiz-ayollarimiz borligini ham o‘sha paytlarda o‘zbek tilida chop etilgan gazetalar tarixga muhrladi.
«Ukraina uchun olib borilayotgan hujum janglarimizda Buxorodan kelgan Rahima Alimova degan komsomol qiz, ayniqsa qahramonlik ko‘rsatmoqda. O‘qchi rotaning sanitariya instruktori bo‘lib xizmat qilayotgan bu jasur o‘zbek qizi na havodan qilingan hujumdan, na dushman tomonidan uchgan o‘qdan, na minadan qo‘rqadi. Unga hech narsa pisand emas. 1943-yilning 18 iyulidan 28 iyuligacha Shimoliy Donets daryosi qirg‘oqlarida Donbass uchun o‘n kunlab jang bo‘ldi. Ana shu vaqtda Rahima Alimova pulemyot, ham minomyot o‘ti ostida 97 yarador jangchi va ofitserga shoshilinch meditsina yordami ko‘rsatdi va ularning ko‘pini jang maydonlaridan xavfsiz yerga olib chiqdi... Bu janglar vaqtida ko‘rsatgan qahramonligi uchun Rahima Alimova «jasurligi uchun» medali bilan mukofotlandi... Podpolkovnik Savvin, «Vatan sharafi uchun» 1944-yil 16 yanvar 3-son»
Muallif ushbu gazetalar haqida kitoblar to‘plamiga kiritilgan maqolalar faqatgina Rossiya davlat kutubxonasiga buyurtma berib olinganini ta’kidlaydi. Bunday gazetalar deydi tarixchi, Rossiya harbiy davlat arxivida, Mudofaa vazirligi arxivida va Rossiya, Ukraina, Belorussiya, Latviya, Litva, Estoniya, Vengriya, Chexiya, Germaniya arxiv va muzeylarida bo‘lishi mumkin. Qolaversa, o‘zbek o‘g‘lonlarining qahramonliklari rus tilidagi gazetalarda ham bosilgan. Masalan «Vperyod k pobede» gazetasining uchinchi sahifasida «Uzbek Umarov – metkiy strelok» nomli maqola berilgan. Va kitobda o‘sha rus tilidagi maqola o‘rin olgan.
«Qizil armiya» gazetasi 1944-yil, 11 aprel 30-sonida «Qonni ham, jonni ham ayamasdan», degan maqolada gvardiyachi katta leytenant M.Jo‘rayev yozadi:
«Yangigina ont ichgan do‘stlarim bilan yaqinda jangga kirdim. To‘g‘ri aytish kerakki, bizning jangchilar nemislarning mudofaa punktini yorib kirishda sherlarcha harakat qildilar. Men yaralandim, ammo jang maydonini tashlab chiqishni o‘zimga ep ko‘rmadim. Hali kuchim bor edi, nemislarni qiyratishda davom etdim. Oz o‘tmay yana bir daydi o‘q chap yelkamga tegdi, yiqildim. Shu vaqt harbiy ontim ko‘z oldimga keldi: «Dushman ustidan to‘la g‘alaba qozonish uchun o‘z qonimni va jonimni ham ayamayman», – degan edim. Bu ontim go‘yo tilga kirgandek, «Nega yotibsan er yigit, muqaddas onting yodingdan chiqdimi?», degandek bo‘ldi. Bir uyalib ketdim keyin azot o‘rnimdan turdimu, sheriklarimga yetib oldim...»
Ushbu uch jildlik kitob orqali gazeta taxlamlarini varaqlar ekansiz, o‘zbek yigit-qizlarining mardonovar hatti-harakatlari ko‘z oldingizda namoyon bo‘laveradi. O‘rganishga, kinofilmlar yaratilishiga, faxrlanishga arziydigan xalqimiz farzandlari juda ko‘p bo‘lganiga yana bir bor amin bo‘lasiz.
Kitob chop etilgan yili (2017-yil) so‘z boshi yozgan olim, tarixchi Naim Karimov ushbu gazetalarning chop etilishiga bosh qosh bo‘lgan o‘zbek jurnalistlarining xizmati haqida shunday deydi: «Front gazetalarida xizmat qilgan jurnalist va yozuvchilarnning bir qismi armiya safiga chaqirilgach, dastlab ularga Toshkentda ochilgan harbiy maktablarda harbiy bilim olish imkoniyati berilgan, shundan so‘ngina ular frontga yuborilgan. Aksar jurnalist va yozuvchilar esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri urush maydonlariga jo‘natilavergan... Shulardan biri ko‘ngilli bo‘lib ketgan urushgacha «Yosh leninchi» gazetasida kotib-mashinistka bo‘lib ishlagan Zarifa Shamsiddinova ham bor edi. U o‘ta og‘ir sharoitda, dushman snaryadalri tinimsiz portlab turgan joylarda ishlab, bir necha marta jasorat namunasini ko‘rsatgan. Ammo Mirzakarim Ismoiliy «Barhayot qiz» ocherkida yozishicha, 1943 yil 16 noyabr kuni kechasi fashistlarning ovchi samolyotlaridan biri o‘g‘rincha uchib kelib redaksiya vagonlari ustiga yondiruvchi bombalarni tashlab o‘tgan. Shu bombalardan biri Zarifa Shamsiddinovaning hayotiga zomin bo‘lgan. Shu kuni front jurnalistlaridan yana 18 kishi halok bo‘lgan...»
Ayting-chi, gazetalarni chiqarishda bosh-qosh bo‘lgan jurnalistlarning hayotini kino qilish mumkinmi, hozirda Rossiya kinoijodkorlari o‘z ota-bobolari haqida ishlab chiqarayotgan kinofilm qahramonlariday e’zozga, xotirlanishga arzimaydimi? Axir ular haqida kitoblar, ocherklar, vaqtli matbuotda maqolalar berilgan, yozilgan... to‘qima obraz yaratishga ham hojat yo‘q...
«Ikkinchi jahon urushi va front gazetalari» kitobining birinchi jild kirish qismida Adham Raxmat va Meli Jo‘ra qalamiga mansub «Mardlik qissalari (Ulug‘ vatan urushi epizodlari)» asaridan parcha keltirilgan: «Qizil armiya»,«Sovet jangchisi», «Vatan sharafi uchun», «Qizil askar haqiqati», «Suvorovchi» gazetalari frontchilar orasida mashhur bo‘lib ketdi. Bu gazetalarning sahifalarida yuzlab ocherklar, esdaliklar bosildi. Ular o‘z o‘quvchilariga frontdagi muhim voqealar haqida operativ axborot berib turdilar, jangchilarni g‘alaba tomon yo‘lladilar...Frontdagi o‘zbek gazetalari sahifalarida bosilib chiqqan, hozirgacha to‘planmagan minglab ocherklar va maqolalar o‘zbek yozuvchilari va jurnalistlarining o‘z jangovar sarguzashatlari hamdir. Ular bu tarixiy epizodlarni jang maydonida, tutunlar ichida, to‘plarning lafetlarida, samolyotlarning qanotlarida, okop va zemlyankalarda yozdilar. Chunki ularning biri komandir, biri komissar, biri serjant biri oddiy soldat edi. Ularning ham quroli, ham qalami yovga ayovsiz zarba berdi...»
Mana kinoijodkorlar uchun tayyor ssenariy, jurnalistlar haqida film ishlash uchun o‘sha davr gazetalar taxlamlarini o‘qish, o‘rganish kifoya. Agar yozuvchi, jurnalistlar jon olib jon bermaganida o‘zbek tilida o‘nlab gazetalar chiqarilarmidi? Jon va non qayg‘usi yurtni qamrab olgan paytda yozish, gazeta chop etishning yuki qanchalar og‘ir bo‘lganini tasavvur qilib ko‘ring-a? Yana urush o‘choqlarida...
Bugun – Xotira va qadrlash kuni. Bu kunda el o‘tganlarni, jasorat va fidoyilik ko‘rsatgan o‘zbek farzandlarini yodga oladi. Yodgorliklar poyiga gullar qo‘yiladi, duolar o‘qiladi, tarix yana bir karra jonlantiriladi.
Biroq bu kabi tadbirlar – texnologiya shiddat bilan rivojlanayotgan zamonda – tarixni saqlash va undan saboq chiqarish uchun kamlik qiladi. Endi tarixni faqat eslabgina qolmay, uni qayta so‘zlash, qayta ko‘rsatish, yangi avlodga tushunarli tilda taqdim etish vaqti keldi. Arxivlardagi maqolalar, fotosuratlar va guvohliklarni raqamlashtirish, ularni hujjatli va badiiy filmlarga aylantirish kerak. Axir gazeta taxlamlaridagi har bir maqola, fotosurat va jonli guvohlik – bir hayot, bir qismat va har biri alohida film, kitob qilishga arziydi.
Chunki tarix – unutilsa, yo‘qoladi, jonlantirilsa – yashaydi. Yana biz bilan birga nafas oladi. Tarix – o‘tmish emas, u hali so‘zlanmagan hikoya. Unga quloq tutmoq kerak. Quloq tutish uchun esa o‘sha paytda chop etilgan, arxivlarda saqlanayotgan gazetalar bor, uni izlashda, topishda to‘xtamaylik. Tarix sukutni yoqtirmaydi...
Barno Sultonova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter