Koreya O‘zbekistonda ta’lim ekotizimini rivojlantirish uchun 14 mln dollar grant ajratdi
Koreya xalqaro hamkorlik agentligi tomonidan umumiy qiymati 14 million AQSh dollariga teng «O‘zbekistonda AT ta’lim ekotizimini takomillashtirish orqali yoshlarning bandlik va tadbirkorlik salohiyatini oshirish» loyihasi amalga oshiriladi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, loyiha doirasida yoshlar sun’iy intellekt, prompt muhandisligi, dasturlash, narsalar interneti va onlayn marketing kabi zamonaviy yo‘nalishlarda 4 yil davomida tizimli o‘qitiladi.
Shuningdek, 500 nafar AT mutaxassislari va o‘qituvchilarning malakasi oshiriladi. Koreyalik yetakchi ekspertlar ishtirokida startap inkubatsiya dasturlari yo‘lga qo‘yilib, yoshlarning innovatsion g‘oyalarini amalga oshirish imkoniyati kengaytiriladi.
Mazkur loyiha 2026–2032-yillar davomida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, Nukus va Qarshi shaharlarida 2 ta zamonaviy AT-hab tashkil etiladi. Bundan tashqari, 7 ta tumanda jami 14 ta AT markaz qurilib, zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi.
Shuningdek, innovatsion tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali yangi ish o‘rinlari yaratilishi va startap muhitini rivojlantirish maqsad qilingan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter