O‘qituvchilarga asossiz ravishda ustama yozgan direktor sudga tortildi
Qorako‘l tumanidagi 8-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi sobiq direktori T.E. budjet mablag‘larini asossiz sarflagani uchun jinoiy javobgarlikka tortildi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumani sudi raisi Boborahim Ochilov ma’lum qildi.
Sud materiallariga ko‘ra, u bir necha yil davomida ustama va moddiy yordam pullarini tayinlashda amaldagi tartib-qoidalarni qo‘pol ravishda buzib kelgan.
Direktor pedagog xodimlarga ustama va moddiy yordam ajratish jarayonida belgilangan nizom talablariga amal qilmagan. Jumladan, maxsus komissiya yig‘ilishlari to‘liq o‘tkazilmagan, ota-onalar va kuzatuv kengashi vakillari jalb etilmagan. Ayrim hollarda esa hujjatlar to‘liq o‘rganilmasdan, baholash mezonlariga asossiz ballar qo‘shib kelingan.
Aniqlanishicha, 2023–2024-o‘quv yilida 24 nafar o‘qituvchiga qariyb 84,3 million so‘m, 2024–2025-o‘quv yilida esa 40 nafar pedagogga 83,7 million so‘m miqdorida ustama mablag‘lari asossiz to‘langan. Shuningdek, 2024-yilda yana 5 nafar xodimga 32,9 million so‘mlik moddiy yordam noqonuniy ajratilgan.
Mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda ko‘plab hujjatlarda kamchiliklar aniqlangan. Ayrim hollarda komissiya a’zolari imzolari soxtalashtirilgani, ba’zi o‘qituvchilarning hujjatlari, umuman, mavjud bo‘lmagani yoki belgilangan talablarga javob bermagani ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, tibbiy xulosalar to‘liq bo‘lmagan holda ham moddiy yordam ajratilgan holatlar qayd etilgan.
Sud majlisida T. E. aybini to‘liq tan olgan. U o‘z ko‘rsatmasida hujjatlarni chuqur o‘rganmaganini, asosan, komissiya a’zolarining xulosalariga tayanganini bildirgan. Shu bilan birga, u qilgan ishlaridan pushaymon ekanini va yetkazilgan zararni ixtiyoriy ravishda qoplaganini ma’lum qilgan.
Jabrlanuvchi tomon ham yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplanganini bildirib, sudlanuvchiga nisbatan da’vosi yo‘qligini bildirgan.
Sud dastlabki tergov organi tomonidan sudlanuvchi T.E. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 2-qismi «b,g» bandlari bilan aybdor, deb topilgan. Sud xulosasiga ko‘ra, ayblanuvchining harakatlari budjet mablag‘larini rastrata qilish hamda mansab soxtakorligi sifatida to‘g‘ri malakalangan.
Hozirda T. E. maktab direktori lavozimidan ozod etilgan bo‘lib, o‘qituvchilik faoliyati bilan shug‘ullanmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter