O‘zbekistonda oliygohlar kamaydi. Eng ko‘p OTMlar qaysi hududlarda?
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 215 ta oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan o‘quv yili boshiga nisbatan 7 taga kamaygan.
Mamlakatdagi oliy ta’lim muassasalarining qariyb yarmi poytaxt hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Toshkent shahrida 98 ta oliy ta’lim tashkiloti faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, bu respublikadagi jami oliygohlarning katta qismini tashkil etadi.
Statistikaga ko‘ra, oliy ta’lim sohasida xususiy sektorning o‘rni ham ortib bormoqda. Nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari soni 97 taga yetgan. Bu esa ta’lim bozorida raqobat muhitini kuchaytirish va talabalar uchun tanlov imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Poytaxtdan keyin eng ko‘p oliy ta’lim tashkiloti Toshkent viloyatida joylashgan bo‘lib, ularning soni 19 tani tashkil etgan. Samarqand viloyatida 14 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Buxoro viloyatida esa 11 tadan oliygoh faoliyat ko‘rsatmoqda.
Andijon, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlarida 9 tadan, Surxondaryo hamda Xorazm viloyatlarida 8 tadan oliy ta’lim muassasasi mavjud.
Namangan viloyatida 6 ta, Jizzax va Navoiy viloyatlarida 5 tadan oliygoh qayd etilgan. Eng kam ko‘rsatkich Sirdaryo viloyati hissasiga to‘g‘ri kelib, bu hududda 3 ta oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter