Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turdimov 3 ta soha bo‘yicha hokimlar ishini muvofiqlashtiradi

Turdimov 3 ta soha bo‘yicha hokimlar ishini muvofiqlashtiradi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-oktyabr kuni Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasini takomillashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Farmon bilan hukumat tuzilmasiga Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va fan vaziri lavozimi kiritildi. 9-oktyabr kuni ushbu lavozimga avval Sirdaryo viloyati hokimi bo‘lib ishlagan Erkinjon Turdimov tayinlangan edi.

Yangi lavozim egasi ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar va inspeksiyalar rahbarlari faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari faoliyatini ushbu yo‘nalishlarda muvofiqlashtiradi.

Farmonga muvofiq, Turdimovga Ta’lim va fan vazirligi hamda uning tizimidagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari, Kasb-hunar ta’limi, Innovatsion rivojlanish va Bilim va malakalarni baholash agentliklari biriktirildi.

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda Klinik audit inspeksiyasi uning muvofiqlashtiruvi doirasiga kiritildi.

Ichki ishlar vazirligi bilan ta’lim muassasalarida, o‘quvchi va talabalar o‘rtasida huquqbuzarliklar hamda zo‘ravonlik jinoyatlarining oldini olish masalalari bo‘yicha hamkorlik qilinadi. Yoshlar ishlari agentligi bilan yoshlarni o‘qitish, kasb-hunarga o‘rgatish va tarbiyalash yo‘nalishida ish olib boriladi. Fanlar akademiyasi ham biriktirilgan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritildi.

Boshqa vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar va inspeksiyalar bilan ham ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash sohalaridagi vazifalar doirasida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi hamda viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari ham ushbu tizimga kiritilgan.

Ayrim tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikni ta’minlash alohida belgilandi. Davlat xavfsizlik xizmati bilan giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi, yoshlarni jinoiy guruhlarga jalb etish, diniy ekstremizm va terrorizmning oldini olish masalalari bo‘yicha ish olib boriladi.

Milliy gvardiya bilan esa o‘quvchi va talabalarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, mamlakat taqdiriga daxldorlik hissini mustahkamlash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish yo‘nalishlarida hamkorlik qilinadi.

Farmonda Vazirlar Mahkamasi huzurida 12 ta shtat birligidan iborat Ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash masalalari kotibiyatini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Uning beshta shtat birligi Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy rivojlanish masalalari bo‘limidan o‘tkaziladi. Qolgan yettita shtat birligi qayta tashkil etilgan Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklari shtatlarini maqbullashtirish hisobiga shakllantiriladi.

Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy rivojlanish masalalari bo‘limi Madaniyat va sport masalalari bo‘limi deb qayta nomlanadi. Hukumat ijro etuvchi tuzilmasidagi boshqaruv xodimlarining umumiy soni 243 nafar etib belgilandi. Hukumatga ikki hafta muddatda Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va fan vazirining funksional vazifalari hamda kotibiyat to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash bo‘yicha qaror qabul qilish topshirildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring