Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yaponiya O‘zbekistonga kadrlar tayyorlash uchun grant taqdim etdi

Yaponiya O‘zbekistonga kadrlar tayyorlash uchun grant taqdim etdi

Vazir Qo‘ng‘irotboy Sharipov va elchi Kendzi Hirata.

Foto: Xabar.uz

Yaponiya hukumati beg‘araz yordam dasturi doirasida O‘zbekistonga yosh davlat xizmatchilari tahsili uchun umumiy miqdori 358 million iyena (taxminan 2,25 million dollar) bo‘lgan grant taqdim etdi.

Kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar taqdim etish bo‘yicha almashinuv notasi Toshkentda Yaponiyaning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Kendzi Hirata va O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov tomonidan imzolandi.

Mazkur dastur O‘zbekiston yosh davlat xizmatchilarining mamlakat uchun ustuvor bo‘lgan sohalarda Yaponiya oliy o‘quv yurtlarida magistratura bosqichida tahsil olishiga qaratilgan.

Bitiruvchilar mamlakatga qaytib, O‘zbekiston taraqqiyotiga xizmat qiluvchi  davlat dasturlarini ishlab chiqishda jonbozlik ko‘rsatishi, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tushunishni chuqurlashtirish hamda do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga hissa qo‘shishi kutilmoqda.

«Yaponiya hukumati ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekistonda inson resurslarini rivojlantirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tushunishni yanada mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini davom ettiradi», — deyiladi elchixona xabarnomasida.

Avval xabar berganimizdek, 2025-yil 20-dekabr kuni Tokio shahrida «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqotining birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. Oliy darajadagi mashvaratda Markaziy Osiyo davlatlari va Yaponiya o‘rtasida ustuvor sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Sammit davomida, shuningdek, davlat rahbarlarining qo‘shma bayonotida (Tokio deklaratsiyasi) «Tokyo CA+JAD» tashabbusi doirasida inson kapitalini rivojlantirish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan edi.

Yaponiya elchisi Kendzi Hirata ham yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan anjumanda inson resurslarini rivojlantirish va ta’limni ikki davlat hamkorligining asosiy yo‘nalishlaridan biri deb atadi.

Yaponiya an’anaviy ravishda O‘zbekistonga ta’lim grantlari taqdim etib keladi. Mazkur grantlar asosida O‘zbekiston vazirlik va idoralarining yuzlab vakillari Kunchiqar o‘lkaning nufuzli universitetlarida tahsil olgan. Ular magistrlik, doktorlik darajasi bilan vatanga qaytib, davlat va xususiy sektor hamda xalq xo‘jaligining turli tarmoqlarida muvaffaqiyatli tarzda faoliyat yuritmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring