Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AQSh Venesuelaga qarshi sinovdan o‘tgan usulni qo‘llamoqchi

AQSh Venesuelaga qarshi sinovdan o‘tgan usulni qo‘llamoqchi

AQSh ma’muriyati Venesuela prezidenti Nikolas Maduroga qarshi bosimni kuchaytirish maqsadida mamlakat poytaxti Karakas ustidan varaqa sochmoqchi, deb xabar berdi CBS News.

AQSh psixologik urushning ushbu usulidan 2003-yilda Iroqqa bostirib kirish arafasida ham foydalangan edi. 

Varaqada Nikolas Maduroni hibsga olishga yordam beruvchi ma’lumot uchun ko‘p million dollarlik mukofot berilishi qayd etiladi.

Kuni kecha Reuters ham AQSh Venesuela bilan bog‘liq amaliyotlarning yangi bosqichini boshlashga hozirlik ko‘rayotgani haqida xabar bergandi.

Axborot agentligi maxfiylik vajidan yangi amaliyotning aniq muddati va ko‘lamini aniqlashga muvaffaq bo‘lmagan. Ammo Donald Tramp ma’muriyatining yuqori martabali vakili prezident Nikolas Maduroga qarshi har qanday variant qo‘llanishini istisno etmagan.

«Prezident Tramp mamlakatimizga narkotiklar oqimini to‘xtatish va aybdorlarni javobgarlikka tortish uchun Amerika qudratining barcha unsurlarini qo‘llashga tayyor», — degan Oq uy vakili.

Vashington mulozimlari muhokama etayotgan variantlar orasida Maduroni hokimiyatdan ag‘darish rejasi ham bor.

Axios nashri Oq uydagi manbalariga asoslanib tarqatgan so‘nggi xabarlarga qaraganda esa, AQSh Venesuela prezidentini terrorchi tashkilot boshlig‘i deb tan olganiga qaramay, Tramp Maduro bilan bevosita muloqot qilishni rejalashtirmoqda. Agar bu xabar tasdiqlansa, Venesuelaga harbiy hujum ehtimoli kamayadi. 

Tramp ma’muriyati Venesuela rahbarini AQShga noqonuniy ravishda giyohvandlik moddalarini yetkazishda ayblamoqda. Maduroning o‘zi narkosavdoga aloqadorlik aybini rad etmoqda.

Venesuelani 2013-yildan buyon boshqarib kelayotgan Nikolas Maduro 2024-yil iyul oyida prezidentlik saylovida g‘alaba qozonganini e’lon qilgach, xalqaro hamjamiyat noroziligiga nishon bo‘lgan. U saylov natijalarini soxtalashtirishda ayblangan.  

AQSh joriy yil boshida Maduroni qo‘lga olganlik uchun 25 million dollar mukofot puli e’lon qilgan edi.

So‘nggi oylarda Qo‘shma Shtatlar Maduro ma’muriyatiga qarshi bosimlarni kuchaytirmoqda.

Sentyabr oyidan buyon Pentagon Venesuelaga tegishli kemalarga 21 marta aviahujum uyushtirgan. Oqibatida kamida 80 kishi halok bo‘lgan. AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset aviahujumlar narkosavdogarlar va kartellarga qaratilganini ma’lum qilgan. Ammo bu borada aniq dalil taqdim etilmagan.

Bu orada Venesuela mamlakat mudofaa qobiliyatini oshirish va havo hududini ehtimoliy tashqi tajovuzdan himoya qilish maqsadida keng ko‘lamli harbiy mashqlar o‘tkazgan.

Maduro harbiy yordam so‘rab Rossiya, Xitoy va Eronga murojaat yo‘llagan.

Avvalroq prezident Tramp AQSh Markaziy razvedka boshqarmasiga Venesuela hududida yashirin operatsiyalar o‘tkazish uchun ruxsat berganini ma’lum qilgandi.

Hozirda mintaqada 15 mingga yaqin amerika harbiysi mavjud. Atlantika okeanining g‘arbiy qismida AQShning to‘rtta harbiy kemasi, jumladan, «USS Gerald R. Ford» deb nomlangan eng zamonaviy aviatashuvchi harakatlanmoqda. Karib dengizida ham yana yettita harbiy kema shay holatda ekani aytilmoqda.

O‘tgan hafta AQSh Federal aviatsiya boshqarmasi yirik aviakompaniyalarni Venesuela uzra parvozlarda ehtimoliy xavfli holatlardan ogohlantirgan va ehtiyotkorlikka chaqirgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring