Baliq virusi insonga ham yuqishi aniqlandi, qanchalik xavfli?
Dengiz va chuchuk suv baliqlariga qiron keltiruvchi virus insonga ham yuqishi va ko‘zning og‘ir patologiyalarini qo‘zg‘atishi mumkin. Xitoy olimlari o‘tkazgan tadqiqot natijalari Nature Microbiology jurnalida e’lon qilindi.
Mutaxassislar virusli old uveit bilan kechuvchi davomiy ko‘z gipertenziyasidan (POH-VAU) aziyat chekayotgan 70 nafar bemorning to‘qimalarida CMNV infeksiyasi izlarini topishdi. Sichqonlarda o‘tkazilgan laboratoriya tajribalari patogen ko‘z ichki bosimini oshirishi va ko‘rish a’zolarining tarkibiy shikastlanishiga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatdi. Kasallik sut emizuvchilarga ham yuqishi mumkin.
Virus insonga yuqishining asosiy yo‘li (holatlarning 71,4 foizi) suv jonivorlariga ishlov berish vaqtida himoya vositalaridan foydalanmaslik, shuningdek, dengiz mahsulotlarini xomligicha iste’mol qilishdir.
CMNV nodavirusi 120 dan ortiq baliq turida aniqlangan bo‘lib, o‘limga olib keluvchi virusli nerv kasalligini qo‘zg‘atuvchi jiddiy patogen hisoblanadi. U asosan lichinka va chavoqlarning nerv tizimiga hujum qiladi va ko‘pincha ularning batamom qirilib ketishiga sabab bo‘ladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter