Britaniya Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy qildi
Buyuk Britaniya Rossiyaga qarshi sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirib, unga 85 nafar jismoniy va yuridik shaxsni kiritdi. Bu haqda Britaniya hukumati ma’lum qildi.
Yangi cheklovlar ostiga «Dialog» NNT rahbari Vladimir Tabak, «Rosmolodyoj» rahbari Grigoriy Gurov, «Yunarmiya» harakati boshlig‘i Vladislav Golovin hamda Ijtimoiy loyihalash agentligining 49 nafar xodimi tushgan. Ular orasida mualliflar, tarjimonlar va video-kontent yaratuvchilar ham bor.
Sanksiyalar ro‘yxatiga bir qator tashkilotlar ham qo‘shildi.
Jumladan:
– Ijtimoiy tadqiqotlar ekspert instituti;
– Yoshlar muhitini tarmoq monitoringi markazi;
– Internetni rivojlantirish instituti.
London bu choralarni Rossiyaning «axborot urushi kampaniyalari», shuningdek ukrainalik bolalarni «majburiy deportatsiya qilish va mafkuraviy ta’sirga jalb etish» bilan bog‘lamoqda. Bayonotda Armanistondagi saylovlarga ehtimoliy aralashuv haqidagi iddaolar ham tilga olingan.
Moskva esa bu ayblovlarni rad etib kelmoqda. Rossiya rasmiylariga ko‘ra, ukrainalik bolalar jangovar hududlardan xavfsizlik maqsadida olib chiqilgan. Kreml vakillari G‘arbning bu mavzudagi bayonotlarini siyosiylashtirilgan deb hisoblaydi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter