Germaniyada Usmonovga nisbatan sanksiyalarni buzish bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ish to‘xtatildi
Germaniyaning Myunxen shahri prokuraturasi tadbirkor, USM xoldingi asoschisi Alisher Usmonovga nisbatan sanksiyalarni buzish gumoni bilan olib borilgan tergovni to‘xtatdi. Bu haqda biznesmen vakillari ma’lum qildi.
Qaror Germaniya Jinoyat-protsessual kodeksining 153a-moddasiga muvofiq qabul qilingan. Ushbu tartibga ko‘ra, Usmonov ixtiyoriy ravishda xayriya maqsadlariga pul o‘tkazishga rozi bo‘lgan.
«Tergov qayta ochilmaydi, Alisher Usmonovga nisbatan aybsizlik prezumpsiyasi to‘liq saqlanadi», – deyiladi uning himoyachilari bayonotida.
Tergov Germaniyaning tashqi iqtisodiy faoliyat to‘g‘risidagi qonunchiligiga oid ehtimoliy qoidabuzarliklar bilan bog‘liq edi. Xususan, 2022 yilda Bavariyaning Rottax-Egern hududida joylashgan ko‘chmas mulkni qo‘riqlash xizmatlari xorijiy kompaniyalar orqali to‘langani va ushbu mulkiy qiymatlar Germaniyaning Iqtisod va eksport nazorati federal idorasi (BAFA)da deklaratsiya qilinmagani haqida gumonlar bildirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil noyabrida Frankfurt-na-Mayne bosh prokuraturasi ham Alisher Usmonovga nisbatan pul yuvish gumoni bilan ochilgan tergovni ayblov qo‘ymasdan to‘xtatgan edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter