Isroil hukumatining yangi qarorini Turkiya va Ozarbayjon qoraladi
Isroil hukumati Birinchi jahon urushi davrida Usmonli imperiyasida arman millatiga mansub aholi guruhining o‘ldirilishini genotsid deb tan oldi. Tel-Avivning ushbu qaroriga Turkiya hamda Ozarbayjon keskin e’tiroz bildirdi.
Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar tomonidan ilgari surilgan va hukumat tomonidan bir ovozdan ma’qullangan qarorda Usmonli imperiyasi davrida armanlar qatliom qilingani qayd etilgan. Gideon Saar ushbu qaror «axloqiy burch» vajidan qabul qilinganini aytgan.
«Arman genotsidi» deganda 1915-1916-yillarda Usmonli imperiyasida yashovchi 1,2 million nafarga qadar bo‘lgan armanlar yo‘q qilingani va badarg‘a etilgani nazarda tutiladi.
AQSh, Fransiya, Germaniya, Italiya kabi davlatlar o‘tgan asr boshlaridagi mazkur hodisani genotsid deb tan olgan.
Turkiya hukumati esa Usmonli imperiyasida armanlar ommaviy qirg‘in qilinganini butkul rad etadi.
Tahlilchilarga ko‘ra, Isroil hukumati arman genotsidi mavzusini Turkiya bilan munosabatlar keskinlashgan vaqtda rasmiy Anqaraga diplomatik zarba sifatida qo‘llamoqda.
Turkiya hukumati Tel-Avivning bahsli qarorini birinchilardan bo‘lib rad etgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.
Turkiya tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, yahudiy davlati qabul qilgan bu qaror Isroilning G‘azoda sodir etayotgan jinoyatlarini yashirishga qaratilgandir.
«Butun dunyo ko‘z o‘ngida Falastin xalqini tizimli ravishda ta’qib qilib kelayotgan va G‘azo xalqiga qarshi genotsid ayblovi bilan BMTning Xalqaro sudida javobgarlikka tortilgan Isroil hukumati 1915-yilgi voqealarga oid siyosiy qaror orqali o‘z jinoyatlarini yashirishga urinmoqda», – deyiladi bayonotda.
Rasmiy Anqara Isroilning mazkur qarorini «g‘arazli» hamda «huquqiy va tarixiy faktlarni inkor etuvchi» deya baholab, bu qaror Xalqaro jinoiy sud tomonidan hibsga olishga order berilgan «Netanyahu va uning sheriklari naqadar chorasiz ahvolda qolganini fosh qilishi» ni ta’kidlagan.
Ozarbayjon tashqi ishlar vazirligi ham Isroil hukumatining so‘nggi qadamidan jiddiy xavotir bildirgan va Tel-Avivni ushbu qarorni qayta ko‘rib chiqishga chaqirgan.
«1915-yilgi voqealar bilan bog‘liq tarixiy faktlarni buzib ko‘rsatish, murakkab tarixiy jarayonlarni huquqiy va ilmiy asoslardan uzilgan holda siyosiy qaror mavzusiga aylantirish nomaqbuldir. Bu kabi qadamlar yarashuv va o‘zaro anglashuvga emas, balki mavjud ziddiyatlarning yanada chuqurlashishiga xizmat qiladi hamda mintaqada barqaror tinchlik va totuvlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarga to‘sqinlik qiladi», – deb hisoblaydi rasmiy Boku.
Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan «arman genotsidi mavzusi siyosiylashtirilishi» bois Isroilning 1915-yilgi voqealar bo‘yicha qaroriga munosabat bildirmasligini aytgan.
«Biz arman genotsidi mavzusidan siyosiy maqsadlarda foydalanish jarayoniga qo‘shilishdan bosh tortish Armaniston Respublikasi manfaatlariga javob beradi, deb hisoblaymiz. Shu bois, bunga biror bir tarzda munosabat bildirishga ehtiyoj sezmayapmiz», – degan Pashinyan.
So‘nggi vaqtlarda Turkiya va Isroil o‘rtasida diplomatik taranglik kuchaymoqda.
Isroil 2023-yil 7-oktyabrdan buyon G‘azo sektorida amalga oshirayotgan qonli urushni Turkiya rahbariyati keskin tanqid qilib kelmoqda. Eronga uyushtirilgan hujumni ham Turkiya qattiq qoraladi.
G‘azoda tinch aholi orasida qurbonlar soni oshib borishi fonida Anqara va Tel-Aviv diplomatik ziddiyati ortmoqda.
Hatto Isroilning keyingi harbiy nishoni Turkiya bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminlar muhokama etilmoqda.
Siyosatshunoslar fikricha, oxirgi vaqtlarda Turkiyaning Yaqin Sharqdagi nufuzi oshib borayotgani Isroilga yoqmayotir. 2025-yil aprel oyida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQSh prezidenti Donald Trampga Suriyada Turkiyaning ta’siri oshib borayotganidan shikoyat qilgani va Anqaraga bosim o‘tkazishni so‘ragani ma’lum. Ammo o‘sha gal Tramp Netanyahuning ra’yini qaytargan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter