Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevroittifoq Isroil bosib olgan hududlardan importni cheklamoqchi

Yevroittifoq Isroil bosib olgan hududlardan importni cheklamoqchi

Yevropa Ittifoqi Isroilning bosib olingan hududlarda qurilgan yahudiy posyolkalarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar importini cheklash bo‘yicha yangi choralarni ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Euronews diplomatik manbalariga tayanib xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Yevropa komissiyasi mahsulotlar importini to‘liq yoki qisman taqiqlash, shuningdek, savdoni yanada cheklashga qaratilgan bir nechta variantlarni tayyorlagan.

Takliflardan biriga ko‘ra, yahudiy posyolkalarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xarid qiluvchi kompaniyalar maxsus savdo litsenziyasini olishi shart bo‘ladi. Biroq Yevropa komissiyasi ushbu mexanizmni chetlab o‘tish imkoniyatlari mavjudligini ham tan olgan.

Yana bir variant sifatida posyolkalardan keltiriladigan mahsulotlarga bojxona tariflarini oshirish taklif qilinmoqda. Ekspertlar fikricha, bu usul ham amalda to‘liq samara bermasligi mumkin.

Kutilishicha, juma kuni Bryusselda Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar elchilari ushbu takliflarni yopiq yig‘ilishda muhokama qiladi. Keyin esa dushanba kuni Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari mazkur masala yuzasidan yakuniy muhokamalarni davom ettiradi.

Euronews suhbatlashgan yevropalik diplomatlardan biriga ko‘ra, Yevropa komissiyasi hozircha keskin qaror qabul qilishga shoshilmayapti, chunki Ittifoq doirasida bu masala bo‘yicha yagona pozitsiya shakllanmagan.

Ta’kidlanishicha, mazkur tashabbusga Fransiya va Shvetsiyaning aprel oyidagi chaqiriqlari turtki bo‘ldi. Ular BMT Xalqaro sudining 2024-yilgi maslahat xulosasiga tayanib, Isroil posyolkalari xalqaro huquqqa zid ekanini e’tirof etgan holda Yevropa Ittifoqini qo‘shimcha cheklovlar joriy etishga chaqirgan edi.

Eslatib o‘tish joiz, may oyida Yevropa Ittifoqi zo‘ravonliklarda ishtirok etgan deb hisoblangan ayrim isroillik posyolka aholisiga nisbatan sanksiyalar joriy etgan. Ularga Yevropa hududiga kirish taqiqlangan va aktivlari muzlatilgan.

Isroil tashqi ishlar vazirligi esa Yevropa Ittifoqining bu choralarini tanqid qilib, posyolkalar aholisi siyosiy qarashlari uchun jazolanayotganini bildirgan hamda ularning faoliyati qonuniy ekanini ta’kidlagan.

Hozirgi kunda G‘arbiy Sohilda 500 mingga yaqin yahudiy ko‘chmanchi istiqomat qiladi va ularning soni yil sayin oshib bormoqda. BMTga a’zo davlatlarning aksariyati mazkur hududni Isroil tomonidan okkupatsiya qilingan hudud sifatida tan oladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring