Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Pisidiya — Turkiya hududida joylashgan tarixiy hudud

Pisidiya O‘rta yer dengizi yaqinida joylashgan bo‘lsa-da, Tavr tog‘lari dengiz namligining hududga kirib kelishini to‘sib turadi. Shu sababli Pisidiyada deyarli o‘rmonlar yo‘q. Biroq bu yerda tez-tez kuchli yomg‘irlar yog‘adi, ularning suvlari platoni to‘yintiradi.

Pisidiya shaharlari o‘zlarining qulay geografik joylashuvidan doim yuqori darajada foydalangan. Shuningdek, yog‘inlar ko‘pligi tufayli bu hududda turli qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirilgan va hozir ham yetishtirilmoqda.

Patarada Fir’avn la’nati

Turkiyaning janubi-g‘arbiy qismida qadimiy Pisidiya hududiga kiruvchi Isparta viloyatining Yalvach tumani joylashgan. Bu yerdagi Pisidiya Antioxiyasi shahrida 18 yildan beri qazish ishlariga rahbarlik qilayotgan Sulaymon Demirel universiteti professori Mehmet O‘zhanli qiziqarli voqeani so‘zlab berdi.

Professor 1997 yilda Patara qadimiy shahrida topgan qabrlarni ochganlaridan so‘ng, jamoa a’zolari boshidan kechirgan sirli hodisalarni bayon qildi. Uning «U qabrlar ochilmasligi kerak edi yoki La’nat hikoyasi» deb nomlangan maqolasida Misr fir’avnlari qabrlarini ochgan arxeologlarning ayanchli taqdiriga ham ishora qilingan. Professor o‘z jamoasi haqida gapirar ekan: «Jamoamiz tarqalib ketdi, parokanda bo‘ldik», deya ta’kidlaydi».

Nekropoldagi 70 qabr

Hikoyada Rim imperiyasining birinchi asriga tegishli nekropoldagi taxminan 70 ta qabrning ochilish jarayoni tasvirlanadi.

«Biz go‘yo la’natga uchragandek, jamoa bo‘lib tarqalishga majbur bo‘ldik. Hozir hamma har yoqda... Bo‘lim parokanda bo‘ldi, hatto kasbni tashlab ketganlar ham bor», — deydi Mehmet O‘zhanli.

Arxeologiyada har bir kurak zarbasi — aslida yer ostida qolib ketgan qadimiy bir hayotni yuzaga chiqarishdir. Arxeolog o‘sha kunlarni shunday xotirlaydi: «Kambag‘alning qabrini ochasan — ichida hech vaqo yo‘q, atigi 2-3 ta sopol parchasi. Ammo boyning qabrini ochsang, ayol qulog‘idagi tilla sirg‘a, uzugi va marjoni bilan dafn etilganiga guvoh bo‘lasan. O‘tmish nafasini, yashab o‘tilgan taqdirlarni his qilganingda, bu sen uchun butunlay boshqa bir olamga aylanadi. Men butun hayotimni qazish ishlariga, arxeologiyaga bag‘ishlaganman».

Professor O‘zhanli Patara hikoyasida ko‘p ismlarni ochiqlashni istamaydi. O‘shanda 70 ga yaqin qabr ochilgach, haqiqatan ham noyob topilmalar qo‘lga kiritilgan edi. Qabrlardan topilgan barcha tilla taqinchoqlar hozirda Antalya muzeyining Patara bo‘limida namoyish etilmoqda.

Tashqi ko‘rinishdan hammasi oddiy va muammosizdek tuyulsa-da, keyinchalik o‘sha qazishmalarda qatnashgan insonlarning taqdirida tushunarsiz o‘zgarishlar yuz berdi — ular go‘yo la’natga uchragandek, har tomonga tarqalib ketishga majbur bo‘ldilar.

Qizig‘i shundaki, qazish ishlari paytida topilmalarni tunu kun qo‘riqlashga to‘g‘ri kelgan, chunki atrof ilonlarga to‘la edi. Buning ilmiy tushuntirishi shunday: qabr tuprog‘i yog‘li bo‘lgani sababli, ilonlar bunday muhitni xush ko‘radi. Ular u yerda qandaydir «la’nat» tufayli emas, balki shunchaki oziqlanish va yashash uchun qulay sharoit bo‘lgani uchun to‘planishgan.

Professor Mehmet O‘zhanlining hikoyasiga ko‘ra, qazish maydoni mas’uli jamoani avvaldan ogohlantirgan edi. U yerosti qabrlarida xavfli bakteriyalar bo‘lishi mumkinligini, ularni yaxshilab shamollatmasdan kirmaslik kerakligini ta’kidlab, Misr piramidalaridagi fir’avn qabrlarini ochgan arxeologlar qismatini misol qilib keltiradi.

Qazishmalar davomida har bir qabrga o‘rtacha 20 nafardan marhum dafn etilgani ma’lum bo‘ladi. Yonma-yon tizilgan bosh suyaklari, ularning atrofidagi tilla sirg‘alar, bilaguzuk va uzuklar — barchasi qadimiy hayotdan dalolat berardi. Ammo topilmalar va suyaklar to‘liq ochilganidan so‘ng, qazish jamoasi a’zolari qo‘rqinchli tushlar ko‘ra boshlaydilar, xotirjam uxlash ular uchun ushalmas orzuga aylanadi.

Ruhiy muvozanatini yo‘qota boshlagan bir ayol o‘z ko‘rganlarini shunday bayon qiladi: «Menimcha, qabr egasi shu yerda, u bo‘ynimdan bo‘g‘ib meni o‘ldirmoqchi bo‘lyapti, qo‘lidan zo‘rg‘a qutuldim. Bu shunchaki tush emas, xuddi haqiqatdek edi. Bu yerda chindan ham la’nat bor». Boshqa bir arxeolog ham shunga o‘xshash tush ko‘rganini aytadi.

Fojialar shu bilan tugamaydi: qabrdan chiqqan ilon chaqishi oqibatida bir talaba hayotdan ko‘z yumadi.

Ko‘rayotgan tushlari va ruhiy bosimga chiday olmagan yana bir kishi esa o‘z joniga qasd qiladi. Qazish ishlari yakunlanganidan keyin ham bu qo‘rqinchli tushlar davom etaveradi, ko‘pchilikning oilaviy hayoti parokandalikka yuz tutadi.

Piramidalar siri: La’natmi yoki virus?

Ba’zi manbalarga ko‘ra, Misr piramidalaridagi qabrlarni birinchi bo‘lib ochgan tadqiqotchilarning barchasi qisqa vaqt oralig‘ida vafot etgan. Ko‘pchilik buni «Fir’avn la’nati» deb talqin qilsa-da, aslida sabab ancha ilmiyroq edi. Keyinchalik o‘tkazilgan tibbiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, o‘limga ming yillar davomida yopiq makonda saqlanib qolgan faol viruslar va bakteriyalar sabab bo‘lgan.

Shu bois, arxeologik qazishmalar paytida o‘ta ehtiyotkorlik talab etiladi. Agar arxeolog qabrni yetarlicha shamollatmasdan va himoya choralarisiz ichkariga kirsa, biologik xavf bilan yuzma-yuz kelishi mumkin. Bunday vaziyatlarda biologlar yordamga chaqiriladi va ular tegishli o‘lchovlarni o‘tkazganidan keyingina ichkariga kirishga ruxsat beriladi.

Masalan, nekropollarni o‘rganishda eng katta xavflardan biri — o‘lat hisoblanadi. Odatda, o‘latdan vafot etgan jasadlar infeksiya tarqalmasligi uchun ohaklangan bo‘ladi. Ammo ohaklanmagan jasadlarga qo‘lqop yoki niqobsiz tegish o‘ta xavfli bo‘lib, jiddiy epidemiologik muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Tutanxamon qabri: 58 kishidan faqat 8 nafari omon qolganmi?

Misr fir’avni Tutanxamonning qabri 1922 yilda ingliz arxeologi Hovard Karter tomonidan kashf etilgan. Qadimgi Misrda xudoning yerdagi vakili hisoblangan fir’avnlarning jasadi va dafn etilgan makoni muqaddas sanalardi. Shu sababli, bu sukunatni buzganlar baxtsizlik, xastalik yoki o‘limga duchor bo‘lishi haqidagi vahimali qarashlar tarqalgan.

Qabr ochilganidan so‘ng ketma-ket yuz bergan o‘limlar bu shubhalarni yanada alangalatdi:

«Fir’avn ramzi»: Kashfiyotdan ko‘p o‘tmay, Hovard Karterning uyidagi sayroqi qushini kobra iloni yeb ketdi. Kobra fir’avnlar hokimiyati ramzi bo‘lgani uchun, bu voqea «ilk ogohlantirish» sifatida talqin qilindi.

Lord Karnarvonning o‘limi: Qazishmalarni moliyalashtirgan lord Jorj Gerbert qabr ochilganidan olti hafta o‘tib, chivin chaqishi va keyinchalik soqol olish paytidagi infeksiya tufayli qon zaharlanishidan vafot etdi.

Sirli vafotlar: Ingliz moliyachisi Jorj Jey Gould (1923 yil), Karterning kotibi Richard Betell (1929 yil) va jamoaning boshqa a’zolari ham turli shubhali vaziyatlarda hayotdan ko‘z yumdilar.

O‘sha davr matbuoti qabr ochilishida ishtirok etgan yoki unga aloqador bo‘lgan 58 kishidan faqat 8 nafari tirik qolgani haqida yozgan edi. Garchi keyinchalik olimlar bu o‘limlarning aksariyatini uzoq vaqt yopiq qolgan xonadagi zaharli mog‘or zamburug‘lari va bakteriyalar bilan izohlagan bo‘lsalar-da, «Fir’avn la’nati» haqidagi afsona hamon yashab kelmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring