Kim Chen In: Yadroviy maqomimizni tan olsa, AQSh bilan munosabatimizni yaxshilaymiz
Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In mamlakat xavfsizligiga tahdid tug‘ilsa, Janubiy Koreyani «to‘liq yo‘q qilish»ga tayyor ekanini bildirdi. Shu bilan birga, u Seul bilan muloqotni qayta tiklashga umid qoldirmadi, ammo Vashington bilan munosabatlar bo‘yicha shartli ravishda eshikni ochiq qoldirdi.
Bu bayonot Pxenyanda bo‘lib o‘tgan hukmron Mehnat partiyasi qurultoyi chog‘ida yangradi.
Kim Chen In o‘z chiqishida Janubiy Koreyani «eng dushman sub’yekt» deb atab, Pxenyan uchun u bilan aloqador hech narsa yo‘qligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya Janubni «hamyurtlar»i qatorida ko‘rmaydi va bu pozitsiya doimiy shunday bo‘lib kelmoqda.
Kimning ta’kidlashicha, Janubiy Koreya xavfsiz yashashni istasa, Pxenyan bilan bog‘liq barcha narsalardan voz kechib, uni tinch qo‘yishi kerak.
So‘nggi yillarda Kim Seulga nisbatan ritorikani keskinlashtirib, ikki Koreya o‘rtasidagi diplomatiyani rad etib kelmoqda. Ekspertlar fikricha, bu bayonotlar yaqin orada harbiy to‘qnashuvlardan darak bermaydi, balki Pxenyanning mintaqadagi o‘rnini yadroviy salohiyat orqali mustahkamlashga qaratilgan.
Shu bilan birga, Kim AQSh KXDRning yadroviy davlat sifatidagi maqomini tan olsa, munosabatlar yaxshilanishi mumkinligini bildirdi.
«Agar Vashington mamlakatimiz Konstitutsiyasida mustahkamlangan hozirgi yadroviy maqomimizni hurmat qilsa va dushmanlik siyosatidan voz kechsa, AQSh bilan yaxshi munosabatda bo‘lishimizga hech qanday sabab yo‘q», – dedi Kim davlat axborot agentligi KCNA orqali.
Kim Chen In AQSh bilan munosabatlar kelajagi «to‘liq Vashington pozitsiyasiga bog‘liq» ekanini aytdi.
«Tinch hamjihatlik yoki doimiy qarama-qarshilik – har ikki variantga ham tayyormiz. Tanlov biz emas, AQSh qo‘lida», – dedi u.
Ayni paytda, AQSh prezidenti Donald Tramp joriy yil oxirida Xitoyga tashrifi doirasida Kim bilan uchrashuv o‘tkazishi mumkinligi haqida taxminlar kuchaygan. Ilgari, 2019-yilda Kim va Tramp o‘rtasidagi ikkinchi sammit muvaffaqiyatsiz yakunlanganidan so‘ng muzokaralar to‘xtab qolgan edi.
Qurultoyda Kim yangi qurol tizimlarini ishlab chiqishni tezlashtirishga chaqirdi. Jumladan, suv osti kemalaridan uchiriladigan qit’alararo ballistik raketalar va Janubiy Koreyaga qaratilgan qisqa masofali taktik yadroviy qurollar arsenalini kengaytirish rejalari tilga olindi.
So‘nggi vaqtlarda Pxenyan tashqi siyosatda Rossiya bilan aloqalarni ustuvor deb bilmoqda. Xabarlarga ko‘ra, Shimoliy Koreya Moskvaga Ukrainadagi urushni qo‘llab-quvvatlash maqsadida minglab harbiy xizmatchilar va katta miqdorda texnika yuborgan. Bu evaziga Pxenyan harbiy texnologiya va yordam olayotgani taxmin qilinmoqda.
Shu bilan birga, ekspertlar Ukrainadagi urush pasayishi ehtimoli Shimoliy Koreyaning Rossiya uchun strategik ahamiyatini kamaytirishi mumkinligini ta’kidlamoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter