Litva TIV rahbari: Rossiya YeIga qarshi hujumlarni kuchaytirishi mumkin
Rossiya Yevropa Ittifoqi davlatlariga qarshi hujumlarni yanada kuchaytirishi ehtimoli yuqori. Bu haqda Litva tashqi ishlar vaziri Kyastutis Budris Euronews’ga bergan intervyusida bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Bryussel tomonidan ilgari ko‘rilgan tiyib turish choralari Rossiyani Yevropa davlatlariga nisbatan taxmin qilinayotgan diversiya va boshqa hujumlardan qaytarish uchun yetarli bo‘lmagan.
Budrisning bayonoti Germaniya Leypsig/Halle aeroporti yaqinida portlovchi modda bilan jihozlangan dron aniqlangani uchun Rossiyani ayblaganidan so‘ng yangradi. Berlin bu hodisani Rossiyaning Yevropadagi gibrid operatsiyalari namunasiga mos keladi, deb baholagan. Moskva esa ayblovlarni rad etgan.
Litva tashqi ishlar vaziri YeI davlatlari razvedka va xavfsizlik xizmatlarining imkoniyatlarini kuchaytirish, shuningdek, Rossiyaga nisbatan siyosiy va iqtisodiy bosimni oshirish zarurligini ta’kidladi.
Yevropa Ittifoqida Rossiya fuqarolari uchun viza cheklovlarini yanada kuchaytirish masalasi ham muhokama qilinmoqda. YeI tashqi siyosat rahbari Kaya Kallas a’zo davlatlar Rossiya armiyasining sobiq va amaldagi harbiy xizmatchilariga viza berishni cheklash hamda rossiyalik turistlarga nisbatan talablarni kuchaytirishni qo‘llab-quvvatlayotganini aytdi.
Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen esa Yevropadagi so‘nggi dron va diversiya holatlarini «yangi norma» deb atab, YeI bunday tahdidlarga tezroq va samaraliroq javob berishga tayyor bo‘lishi kerakligini bildirdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter