Parijda bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikda gumonlanib, 16 kishi qo‘lga olindi
Fransiya poytaxti Parijda bolalarga nisbatan jinsiy va jismoniy zo‘ravonlik holatlari yuzasidan olib borilayotgan tergov doirasida 16 nafar maktabgacha ta’lim muassasasi xodimi qo‘lga olindi.
Parij prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchilar 18 yoshdan 68 yoshgacha bo‘lib, ular orasida bolalar bog‘chasi xodimlari, shahar ta’lim tizimi mansabdorlari va shartnoma asosida ishlovchi tarbiyachilar bor. Barchasi Parijning 7-okrugidagi Saint Dominique munitsipal muassasasida faoliyat yuritgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik, xizmat vakolatini suiiste’mol qilish va shafqatsiz munosabatda bo‘lishda gumon qilinmoqda. Ayrim xodimlar allaqachon ishdan chetlashtirilgan.
Prokuratura hozirda Parijdagi 84 ta bolalar bog‘chasi, 20 ta boshlang‘ich maktab va 10 ta bog‘chada ehtimoliy zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha keng qamrovli tekshiruv o‘tkazmoqda.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yil boshidan buyon 78 nafar munitsipal xodim ishdan chetlashtirilgan bo‘lib, ularning 31 nafari jinsiy zo‘ravonlikka oid gumonlar bilan bog‘liq.
Mazkur ish Le Parisien gazetasi surishtiruvidan keyin yanada keng jamoatchilik e’tiborini tortdi. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, tarbiyachilardan biri 2025-yilda uch nafar voyaga yetmagan bolaga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilishda ayblangan. U 2024-yilda ham shunga o‘xshash holatlar bo‘yicha politsiya tomonidan ushlangani aytilmoqda.
Parij meri Emmanyuel Greguar bolalarni himoya qilishni o‘z faoliyatining ustuvor yo‘nalishi deb atadi. U kadrlar tanlovini kuchaytirish, intizomiy choralarni qat’iylashtirish va ta’lim muassasalarida shaffoflikni oshirishga va’da bergan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter