Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Pezeshkiyon poytaxtni Tehrondan ko‘chirishga qattiq kirishdi

Pezeshkiyon poytaxtni Tehrondan ko‘chirishga qattiq kirishdi

Tehron.

Foto: Anadolu Ajansı

Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Ho‘rmuzgon viloyati tadbirkorlari bilan uchrashuvda mamlakat poytaxtini ko‘chirish masalasini yana ko‘tardi.

Poytaxtni Tehrondan ko‘chirish — tanlov emas, balki zaruratdir, dedi u.

«Men Oliy rahbar (Ali Xomanaiy)ga poytaxtni Fors ko‘rfazi tomonga ko‘chirish zarurligini aytdim. Boshqa ilojimiz yo‘q, shunga majburmiz, shu ketishda davom etsak, muammolar ko‘payadi. Suv zaxiralarimiz kundan-kunga kamaymoqda, so‘nggi paytlarda yerning cho‘kishi kuzatilyapti, Tehronning ba’zi hududlarida cho‘kish 30 santimetrga yetdin», — dedi Eron prezidenti.

Mas’ud Pezeshkiyon prezident bo‘lganidan buyon poytaxtni ko‘chirish haqida ko‘p gapiradi. U mamlakat bosh shahri janubda, dengiz bo‘yida bo‘lishi tarafdori. Bu nafaqat iqtisodiy va siyosiy, balki ekologiya masalasi hamdir. Tehron suv tanqisligi, havoning ifloslanishi va tuproqning cho‘kishi kabi ulkan muammolar iskanjasida qolgan.

Ma’lumot uchun: Tehron — Eronning eng katta shahri, aholisi 13 million kishidan oshadi. 1795-yildan beri mamlakat poytaxti.

Poytaxtni boshqa joyga ko‘chirish — eski masala: 2009, 2013, 2017-yillarda va hozir ham kun tartibiga chiqdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring