Tayvan hukumati har bir fuqaroga 314 dollardan berishga qaror qildi
Tayvan hukumati 2027-yilgi budjet loyihasiga har bir fuqaroga bir martalik to‘lov sifatida tarqatish uchun 235,7 mlrd tayvan dollari (taxminan 7,4 mlrd AQSh dollari) ajratdi. Unga ko‘ra, har bir tayvanlikka 10 mingdan (314 AQSh dollari) beriladi.
Ushbu to‘lovlar «sun’iy intellekt dividendlari» deb atalmoqda. Bunday qarorga Tayvan iqtisodiyotining rekord darajada o‘sishi sabab bo‘ldi. Xususan, birinchi yarim yillikda yalpi ichki mahsulot (YIM) 14,15 foizga oshdi. Bu oxirgi 50 yil ichida ayni shu davr uchun qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir.
«Aholiga pul tarqatib, davlat kamayib qolmaydi», buni rasmiylar tilida ifodalaganda, ushbu dastur davlat qarzining oshishiga olib kelmaydi.
Mamlakat prezidenti Uilyam Lay ta’kidlashicha, iqtisodiy ko‘rsatkichlar avvalgi prognozlardan ancha yuqori bo‘lgan. Birinchi chorakdagi o‘sish sur’ati 15,43 foizgacha yuqoriladi, ikkinchi chorakdagi dastlabki ko‘rsatkich esa 12,93 foizni tashkil etdi. Shu tariqa, mamlakat iqtisodiyoti ketma-ket uch chorakdan buyon ikki xonali raqamlar bilan o‘smoqda.
Hukumat yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ular bilan bog‘liq tarmoqlarni iqtisodiy o‘sishning bosh harakatlantiruvchi kuchi deb bilmoqda. Bundan tashqari, jahon bozorida sun’iy intellekt, yuqori unumdorlikka ega hisoblash tizimlari va bulutli servislarga talabning ortishi ham bunga katta turtki bo‘ldi.
2027-yil budjet loyihasida aholiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul tarqatishdan tashqari, ish haqini oshirish, soliqlarni kamaytirish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish va infratuzilmani rivojlantirish ham ko‘zda tutilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter