Tramp BBC’ga qarshi 5 mlrd dollarlik da’vo arizasi topshirdi
AQSh prezidenti Donald Tramp Buyuk Britaniyaning BBC korporatsiyasiga qarshi 5 milliard dollar miqdorida sud da’vo arizasi kiritdi. U korporatsiyani o‘z nutqini ataylab montaj qilish orqali uni obro‘sizlantirganlikda, ya’ni tuhmat va qonunlarni buzishda ayblamoqda.
Da’voga sabab bo‘lgan holat BBC’ning «Panorama» dasturida 2024-yil oktyabrda efirga uzatilgan syujet bilan bog‘liq. Unda Donald Trampning 2021-yil 6-yanvar – Kapitoliy shturmi kunida so‘zlagan nutqining ikki alohida qismi bir-biriga ulab ko‘rsatilgan.
Natijada tomoshabinda Tramp go‘yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri tartibsizlik va zo‘ravonlikka chaqirgan degan taassurot paydo bo‘lgan. Tramp esa aynan shu montaj uning so‘zlarining mazmunini buzganini ta’kidlamoqda.
Da’vo kiritilishidan oldin BBC huquqshunoslari Tramp tomoniga rasmiy javob yo‘llagan. Unda, jumladan, montajda yomon niyat bo‘lmagani, dastur Trampga real zarar yetkazmagani, chunki u keyinchalik qayta prezident etib saylangani hamda BBC’ning mazkur dasturni AQSh hududida tarqatish huquqi bo‘lmagani aytilgan.
Shuningdek, korporatsiya o‘zini himoya qilar ekan, da’vo AQSh sudlarida ko‘rib chiqilishi mumkinligi ham bahsli ekanini bildiradi.
2025-yil noyabrida BBC’ning ichki hujjati sizib chiqib, jamoatchilik orasida korporatsiya jurnalistik xolislik tamoyillarini buzgani haqida jiddiy ayblovlar paydo bo‘ldi. Bu ayblovlar orasida aynan Tramp nutqining montaj qilinishi ham bor edi.
Oqibatda 11-noyabr kuni BBC bosh direktori Tim Deyvi va yangiliklar bo‘limi rahbari Debora Terness iste’foga chiqdi. Orqasidan BBC rasman uzr so‘rab, montajda xatoga yo‘l qo‘yilganini tan oldi.
Agar sud Tramp foydasiga hal bo‘lsa, bu ish xalqaro ommaviy axborot vositalari uchun ham jiddiy pretsedentga aylanishi mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter