Tramp saylovni yutsa, amerikaliklarga pul va ish o‘rinlari va’da qilyapti
AQSh prezidenti Donald Tramp noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Kongressga oraliq saylovlarda respublikachilarning g‘alabasini aholiga moliyaviy yordam ajratish va yangi ish o‘rinlari yaratish bilan bog‘lamoqda.
BILD nashrining xabar berishicha, Tramp Shimoliy Karolinadagi uchrashuvda Kemp-Lejen harbiy bazasi yaqinida ichimlik suvi ifloslanishidan jabrlanganlarga kompensatsiya to‘lanishini va’da qilgan. Biroq u buni respublikachilarning saylovdagi g‘alabasiga bog‘lagan.
«Agar g‘alaba qozonmasak, pul bo‘lmaydi. G‘alaba qozonsak, uni olasizlar», – degan AQSh prezidenti.
Avvalroq Tramp respublikachilar g‘alaba qozongan taqdirda har bir voyaga yetgan amerikalikka 5 ming dollardan to‘lash haqida ham gapirgan edi. Biroq bunday to‘lovni amalga oshirish uchun Kongress roziligi talab etiladi. Dasturning umumiy qiymati 1 trillion dollardan oshishi mumkin.
Shuningdek, Tramp Kentukki shtatida farmatsevtika korxonasiga 100 million dollar sarmoya kiritish va yangi ish o‘rinlari yaratishni ham respublikachilar g‘alabasi bilan bog‘lagan.
Prezident bunday va’dalarni «sovg‘alar» deb atayotgan bo‘lsa, tanqidchilar uni saylovchilarga ta’sir o‘tkazish uchun prezidentlik vakolatlaridan foydalanishda ayblamoqda.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, joriy oraliq saylovlarda siyosiy reklama xarajatlari 11 milliard dollarga yetishi mumkin. Trampni qo‘llab-quvvatlovchi tashkilotlar saylov kampaniyasiga 277 million dollar, Ilon Mask esa qariyb 276 million dollar yo‘naltirgan.
Shunga qaramay, keltirilgan so‘rov va prognozlarda demokratlar ustunlik qilmoqda. FiftyPlusOne ma’lumotlariga ko‘ra, demokratlar Senatdagi to‘qqizta muhim raqobatda oldinda bormoqda, Vakillar palatasi ular nazoratiga o‘tishi ehtimoli esa 90 foizdan yuqori baholangan.
CNN so‘roviga ko‘ra, amerikaliklarning 34 foizi Tramp faoliyatini ma’qullagan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter