Ukraina o‘z kiberqo‘shinlarini tuzmoqda
Ukraina Oliy Radasi mamlakatda Kiberqo‘shinlarni yaratishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Prezident devonida esa hujjatni rasman tasdiqlash amaliyoti allaqachon boshlangan.
Ukraina Qurolli Kuchlari manbalariga ko‘ra, yangi Kiberqo‘shinlar joriy yil oxiridayoq yoki 2026 yil boshida faoliyat boshlashi mumkin.
Kiberqo‘shinlar g‘oyasi ilk bor 2021-yil avgustida prezident Zelenskiy tomonidan ilgari surilgan. U mamlakatni kiberxavflardan himoya qilish bo‘yicha Milliy xavfsizlik kengashi qarorini tasdiqlagan edi.
Yangi tuzilma Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh qo‘mondoniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunuvchi alohida organ sifatida faoliyat yuritadi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, Kiberqo‘shinlarning asosiy vazifasi raqibning imkoniyatlarini kibermakon va elektromagnit muhitda zaiflashtirish, Ukrainaga raqamli ustunlik berish va «kiberhimoya» salohiyatini oshirishdan iborat.
Deputat Aleksandr Fediyenko izohicha, yangi tuzilma mavjud kiberxavfsizlik organlaridan farqli ravishda faol kiberxujum operatsiyalarini ham amalga oshiradi.
«Yaxshi kiberhimoyachi hech qachon yaxshi kiberxujumchi bo‘la olmaydi. Shuning uchun himoya va hujum funksiyalari alohida bo‘lishi kerak. Dunyoda ham shunday», – deydi u.
So‘nggi yillarda Ukrainada «IT-armiya» nomi bilan tanilgan ixtiyoriy xakerlar guruhlari faoliyat yuritib kelmoqda. Ular Rossiyaning davlat saytlari va kompaniyalariga qarshi hujumlar uyushtirib keladi.
«Biroq kiberamaliyotchilar ko‘pincha muvofiqlashtirilmagan va tizimsiz ish olib borgani uchun yangi Kiberqo‘shinlar ana shu «anarxiya»ni tugatishga qaratilgan. 2022-yil boshida hamma o‘zicha kiberxujumga chiqardi, bir-birining operatsiyalariga xalaqit berdi. Endi esa yagona boshqaruv va mas’uliyat bo‘ladi», – deydi sobiq Ukraina Milliy xavfsizlik xizmati mutaxassisi Konstantin Korsun.
Qonunga ko‘ra, Kiberqo‘shinlar «kiberzahira»ni tashkil qiladi – unga faqat harbiylar emas, balki malakali fuqarolar va hatto xorijiy mutaxassislar ham vaqtincha jalb etilishi mumkin.
Ekspertlar ta’kidlashicha, yangi qonun Ukraina xakerlarining xorijiy serverlarga qarshi amaliyotlarini qonuniy maqomga chiqarishni ko‘zda tutadi. Bunday harakatlar xalqaro maydonda jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkinligi uchun, ularga rasmiy harbiy ishtirokchi maqomi beriladi.
Ma’lumot uchun, AQSh o‘z kiberqo‘shinlarini 2010-yilda tuzgan bo‘lsa, Ukraina bu yo‘nalishda shundan keyingi davlatlardan biriga aylanmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter