Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xitoy TIV: «Yaponiya qizil chiziqni kesib o‘tdi»

Xitoy TIV: «Yaponiya qizil chiziqni kesib o‘tdi»

Yaponiyaning yangi Bosh vaziri Sanae Takaiti avvalgi bosh vazirlardan farqli o‘laroq, Xitoyning Tayvanga bosimi borasida ancha keskin bayonot berdi. U Xitoy Tayvanni qurshovga olishi yoki unga nisbatan kuch ishlatishi Yaponiyaning harbiy javobiga sabab bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Matbuot uni so‘zlarini aniqlashtirishga chaqirganida, Takaiti o‘z bayonotidan chekinmagan, ammo «kelgusida aniq harbiy ssenariylarni tasvirlashdan tiyilishi»ni qo‘shimcha qilgan.

Xitoy tomoni esa Yaponiyaning ehtimoliy harbiy harakatlari haqidagi bayonotini keskin tanqid qildi. Pekin uni «xalqaro huquqni qo‘pol buzish» deb baholab, har qanday tajovuzga harbiy javob qaytarishini ta’kidladi.

«Hozirgi yapon rahbarlari Tayvan masalasiga harbiy aralashuv haqida noto‘g‘ri signal berdi. Bu – kurakda turmaydigan va mutlaqo asossiz bayonot. Ular aytmasligi kerak bo‘lgan gapni aytib, tegmasligi kerak bo‘lgan qizil chiziqni kesib o‘tdi», – deydi Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I.

Van Iga ko‘ra, Pekin Yaponiyaning bu kabi harakatlariga «qat’iy qarshi choralar» ko‘rishi zarur. U yana barcha davlatlarni «yapon militarizmining qayta tiklanishiga yo‘l qo‘ymaslikka» chaqirdi.

Juma kuni Xitoy BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga murojaat yuborib, Yaponiyani «xalqaro huquq va diplomatik me’yorlarni buzganlikda» aybladi.

«Agar Yaponiya Tayvan masalasi bo‘yicha harbiy aralashuvga jur’at qilsa, bu – agressiya akti hisoblanadi. Xitoy BMT Ustaviga binoan o‘z-o‘zini himoya qilish huquqidan foydalanadi va suverenitetini qat’iy himoya qiladi», – deydi Xitoyning BMTdagi doimiy vakili Fu Kong.

Ma’lumot uchun, Xitoy Tayvanni o‘z hududi deb biladi va zarurat tug‘ilsa, uni kuch ishlatib ham birlashtirish huquqi borligini ta’kidlab keladi. Pekin xorijiy davlatlarning – ayniqsa AQSh, Yaponiya va Filippinning Tayvan masalasiga aralashuvini keskin rad etadi.

AQSh Tayvanning asosiy qurol-aslaha yetkazib beruvchisi hisoblanadi, Yaponiya esa AQShning Osiyodagi asosiy harbiy hamkorlaridan biri.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring