Mast haydovchi pora berayotganda qo‘lga olindi
Spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda mashina boshqargan fuqaro YPX xodimiga 10 million so‘m pora taklif qildi
Buxoro shahrining markaziy ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan «Chevrolet Cobalt» mashinasi yo‘l-patrul xizmati inspektorini shubhaga solgan. Avtomashina to‘xtatilgan. Tekshiruvda haydovchining transport vositasini mast holda boshqarib kelayotgani aniqlangan. Shu sababli unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 131-moddasi (Transport vositalarini mastlik holatida boshqarish),1-qismi asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirili, avtomashina jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Buxoro viloyati IIB axborot xizmati mas’ul xodimi Murodjon Rahmatullayevning «Xabar.uz»ga bildirishicha, haydovchi I.Y. sodir etgan huquqbuzarligidan xulosa chiqarish o‘rniga undan qutulish yo‘lini qidirgan. U YPX xodimidan o‘ziga nisbatan qonuniy chora ko‘rmaslik va avtomashinani jarima maydonchasidan chiqarib berishi evaziga 10 million so‘m pora taklif qilgan.
YPX xodimi I.Y.ni bir necha marotaba ogohlantirilishiga qaramasdan, fuqaro ishini «yopib» berishi taklifidan qaytmagan.
Shundan so‘ng YPX xodimi holat yuzasidan tegishli tartibda murojaat qilishga majbur bo‘lgan. Mazkur holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasining Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro shahar bo‘limi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tadbir davomida fuqaro jarima maydonchasi hududida xodimga kelishilgan pulning 9 million 950 ming so‘mini pora tariqasida berayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan jinoyat ustida ushlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi (Pora berish),1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter