Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Misrda qo‘lga olingan «Jora Toshkentskiy» O‘zbekistonga olib kelindi

Misrda qo‘lga olingan «Jora Toshkentskiy» O‘zbekistonga olib kelindi

MDH davlatlari hududida sodir etilgan qator og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarda gumon qilinib, jinoyat olamida «Jora Toshkentskiy» nomi bilan tanilgan Georgiy Sorokin Misrning Sharm ash-Shayx shahrida qo‘lga olindi va O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi.

IIV ma’lumotiga ko‘ra, Georgiy Sorokin 1972-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U jinoyat olamida «Jora Toshkentskiy» hamda «Soroka» laqablari bilan tanilgan.

Ma’lum qilinishicha, u ilk jinoyatini 1990-yilda, 18 yoshida sodir etgan va shuning uchun 7 yil ozodlikdan mahrum etilgan. Keyingi yillarda esa O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlar hududida sodir etilgan jinoyatlar uchun bir necha bor jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Sorokin bosqinchilik, talonchilik, tovlamachilik, qurol va giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda saqlash kabi jinoyatlarda aybdor deb topilgan. Shuningdek, uning yonidan uzoq yillar davomida turli davlatlarga safar qilishda foydalangan soxta Rossiya pasporti ham aniqlangan.

IIVning ma’lum qilishicha, 2021-yilda u sheriklari bilan oldindan til biriktirib, Toshkent shahrida umumiy qiymati 350 ming AQSh dollariga baholangan ikki uyni tovlamachilik yo‘li bilan egallab olgan. Iddao qilinishicha, uy egasi qo‘rqitilgan, kaltaklangan va uning oila a’zolariga nisbatan ham zo‘ravonlik qo‘llanilgan. Natijada mazkur ko‘chmas mulklar uning sheriklari nomiga rasmiylashtirilgan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va u xalqaro qidiruvga berilgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda Interpol kanallari orqali amalga oshirilgan xalqaro hamkorlik natijasida Georgiy Sorokin Misrdan O‘zbekistonga olib kelindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring