Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

2025-yilda O‘zbekistonda inflyatsiya 7,3 foizni tashkil etdi

2025-yilda O‘zbekistonda inflyatsiya 7,3 foizni tashkil etdi

2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi 7,3 foizni tashkil etdi. Bu 2024-yilda qayd etilgan 9,8 foizlik ko‘rsatkichga nisbatan ancha past. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Dekabr oyida iste’mol narxlari indeksi 0,9 foizga oshgan. Solishtirish uchun, 2024-yil dekabrida oylik inflyatsiya 1 foizni tashkil etgan edi.

2025-yil davomida inflyatsiyaga eng katta ta’sir quyidagi toifalar hissasiga to‘g‘ri keldi:

  • oziq-ovqat mahsulotlari va alkogolsiz ichimliklar,
  • uy-joy-kommunal xizmatlar (suv, elektr, gaz va boshqa yoqilg‘ilar),
  • transport xizmatlari.

Ushbu uch toifaning umumiy hissasi 5,51 foiz punktni yoki umumiy inflyatsiyaning 75,5 foizini tashkil etgan. Qolgan tovar va xizmatlar hissasi 1,79 foiz punkt bo‘lgan.

Dekabr oyida qator mahsulotlar narxida o‘sish kuzatildi:

  • tuxum — 3,4 foiz (yillik hisobda –14,5 foiz),
  • oliy navli undan tayyorlangan non — 0,5 foiz (+1,6 foiz),
  • sut — 0,4 foiz (+5,7 foiz),
  • paxta yog‘i — 0,4 foiz (+17,7 foiz),
  • go‘sht mahsulotlari — 0,2–0,6 foiz atrofida (yillik o‘sish 23–27 foiz gacha).

Shu bilan birga, dekabr oyida ayrim mahsulotlar arzonlashgan:

  • guruch — 1,8 foiz (yillik –16,6 foiz),
  • shakar — 2,3 foiz (–4,8 foiz),
  • kungaboqar yog‘i — 0,5 foiz (yillik +12,7 foiz).

Meva-sabzavot mahsulotlari orasida eng katta oylik o‘sish:

  • baqlajon — 55,9 foiz,
  • bodring — 55,7 foiz,
  • pomidor — 25,1 foiz,
  • bolgar qalampiri — 22,9 foiz,
  • karam — 22,8 foiz.

Shu bilan birga, sabzi (–7,5 foiz) va sitrus mevalari (–2,4 foiz) narxi pasaygan.

2025-yil davomida uy-joy-kommunal xizmatlar narxi o‘rtacha 17,1 foizga oshgan. Eng katta o‘sish:

  • tabiiy gaz — 39,2 foiz,
  • sovuq suv va kanalizatsiya — 35,1 foiz,
  • chiqindi chiqarish — 32,5 foiz,
  • elektr energiyasi — 18,8 foiz.

Dekabr oyida ayrim hududlarda maishiy chiqindilarni olib chiqish tariflari oshirilib, respublika bo‘yicha o‘rtacha 3 foizga qimmatlashgan.

Dekabr oyida benzin narxlari o‘rtacha 2,4 foizga oshgan, yillik o‘sish esa 11,9 foizni tashkil etgan. Benzin narxlari quyidagi diapazonda bo‘lgan:

  • AI-80 — 9500–9900 so‘m,
  • AI-91/92 — 10 500–13 300 so‘m,
  • AI-95/98 — 12 500–18 000 so‘m,
  • AI-100 — 21 ming so‘mgacha.

Propan dekabr oyida 1,3 foizga qimmatlashgan, ammo yillik hisobda 10,5 foizga arzonlagan. Metan narxi oy davomida o‘zgarmagan, biroq o‘tgan yil oxiriga nisbatan qariyb 30 foiz yuqori qolmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring