«Beqaror dunyoda taraqqiyotning yo‘li bitta» – Toyvo Klaar Lissabondan Andijonga qadar kengaygan hamkorlik haqida
Vazir J.Qo‘chqorov hamda elchi T.Klaar. Foto: YeI delegatsiyasi
Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekistonning yanada kuchli, o‘ziga ishonchli va tashqi omillarga kamroq qaram bo‘lishi uchun faol qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining yurtimizdagi elchisi Toyvo Klaar Toshkentda Yevropa kuni munosabati bilan o‘tkazilgan anjumandagi nutqida gapirdi.
Tadbirda O‘zbekiston hukumati nomidan Bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov qatnashdi.
«2024-yilda Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston uchun import bo‘yicha uchinchi yirik savdo hamkori va eksport bo‘yicha ikkinchi yirik savdo hamkori bo‘ldi. O‘zaro savdo hajmi qariyb 4,8 milliard yevroni tashkil etib, 2020 yilga nisbatan deyarli ikki barobarga oshdi. Iqtisodiy aloqalarimizning kengayishi Lissabondan Andijongacha bo‘lgan hududda ham o‘zbekistonliklar, ham yevropaliklarga foyda keltirmoqda», – dedi elchi Toyvo Klaar.
O‘tgan yili Bryussel va Toshkent munosabatlariga oid ikki o‘ta muhim hodisa ro‘y berdi.
2025-yil 4-aprel kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. YeI va mintaqa rahbariyati qatnashgan tadbirda Bryussel «Global Gateway» dasturi bo‘yicha 12 mlrd yevro hajmidagi investitsiya paketini e’lon qildi.
2025-yil 24-oktyabr kuni esa Bryussel shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni (EPCA – Enhanced Partnership and Cooperation Agreement) imzolashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
YeI elchisiga ko‘ra, Samarqandda bo‘lib o‘tgan tarixiy sammit allaqachon aniq natijalar bermoqda. Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim esa savdo va investitsiyalar, barqaror rivojlanish, transport va raqamli aloqalar, huquq ustuvorligi va inson huquqlari kabi ko‘plab yo‘nalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirmoqda.
«Beqaror dunyoda hamkorlik bu – kuchdir. Yevropa O‘zbekiston uchun biznes, hamkorlik, xalqaro huquqqa hurmat, xavfsizlik va inson qadr-qimmatini ta’minlash borasida kuchli va ishonchli hamkor bo‘lib qoladi», – dedi notiq.
Bundan 76 yil avval, 1950-yil 9-may kuni fransiyalik atoqli davlat arbobi Rober Shuman yagona Yevropa haqidagi qarashlarini bayon etgan edi. U Yevropa ko‘mir va po‘lat hamjamiyatini tashkil etishni taklif etar ekan, raqobat o‘rniga hamkorlikni, tarqoqlik o‘rniga birlikni, urush o‘rniga tinchlikni targ‘ib qilgan edi.
Rober Shumanning qarashlari bugungi Yevropaning 27 davlatini birlashtirgan siyosiy va iqtisodiy ittifoqqa asos bo‘ldi va u qariyb 80 yil davomida qit’ada tinchlik, demokratiya va iqtisodiy farovonlikni ta’minlab kelmoqda.
«YeI oddiy, ammo kuchli g‘oyaga asoslangan: insonlar erkin yashashi, ularning huquqlari himoya qilinishi va ular doimo teng munosabatda bo‘lishi kerak. Bu tamoyillar bugungi kunda ham YeI ichida o‘z kuchini saqlab qolmoqda. Biroq bugungi dunyo tobora ortib borayotgan mojarolar, iqtisodiy beqarorlik va iqlim o‘zgarishining kuchayib borayotgan ta’siri bilan tavsiflanmoqda», – dedi T.Klaar.
Diplomat o‘z chiqishida Yaqin Sharqdagi to‘qnashuvlar, Rossiyaning Ukrainaga tajovuzi kabi dolzarb masalalarga ham to‘xtaldi.
«Bugungi kunda Yevropa loyihasining bir muhim haqiqatini yana bir bor ko‘rib turibmiz: umumiy muammolar umumiy yechimlarni talab qiladi. Hech bir davlat bugungi global muammolarni yakka holda hal qila olmaydi. Iqlim o‘zgarishi global hamkorlikni, adolatli savdo umumiy tamoyillarga sodiqlikni, tinchlik esa qoidalarga asoslangan xalqaro tartibni talab qiladi. Aynan shu sababli YeI butun dunyo bo‘ylab mustahkam, adolatli va ishonchli hamkorliklarni rivojlantirishda davom etmoqda, umumiy muammolarni hal etish uchun o‘zaro manfaatli sherikliklarni yo‘lga qo‘yib, 80 yil davomida shakllanishiga hissa qo‘shgan qoidalarga asoslangan xalqaro tartibni qo‘llab-quvvatlamoqda», – deya xulosa qildi YeIning O‘zbekistondagi elchisi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter