O‘zbekiston ko‘proq nimalarni import qilmoqda?
2026-yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekistonning umumiy import hajmi 12,2 mlrd dollarga yetdi. Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, import tarkibida eng katta ulush mashina va transport asbob-uskunalari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Ushbu yo‘nalish bo‘yicha import hajmi 4,1 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 29,9 foizga oshgan. Shuningdek, sanoat tovarlari importi 1,7 mlrd dollarga, kimyoviy vositalar va o‘xshash mahsulotlar esa 1,5 mlrd dollarga yetgan.
Statistikaga ko‘ra, oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar importi 45,9 foizga o‘sib, 1,4 mlrd dollarni tashkil qilgan. Xizmatlar importi hajmi esa 1,2 mlrd dollar bo‘lgan.
Hisobot davrida mineral yoqilg‘i, moylash materiallari va o‘xshash mahsulotlar importida eng yuqori o‘sishlardan biri kuzatildi. Bu yo‘nalishdagi import hajmi 1,2 mlrd dollarga yetdi va o‘sish sur’ati 64,4 foizni tashkil qildi.
Turli xil tayyor buyumlar importi 441,8 mln dollarga, nooziq-ovqat xomashyosi esa 288,9 mln dollarga teng bo‘ldi. Har ikki yo‘nalishda ham o‘tgan yilga nisbatan yuqori o‘sish qayd etilgan.
Shuningdek, hayvon va o‘simlik moylari, yog‘lar va mumlar importi 158,1 mln dollarga yetgan bo‘lsa, ichimliklar va tamaki mahsulotlari importi 71,3 mln dollardan oshgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter