Soliq organlari ayrim tadbirkorlar plastik kartalariga tushgan mablag‘larni tekshiradi
Soliq organlari savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar plastik kartalariga kelib tushgan mablag‘larni tekshiradi. Maqsad — yashirin iqtisodiyotni qisqartirish. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.
Aytilishicha, savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlar savdo amaliyotlarini kartadan kartaga pul o‘tkazish orqali amalga oshirmoqda. Natijada bunday operatsiyalar orqali tushgan daromadlar soliq hisobotlarida aks ettirilmayapti va davlat budjetiga tegishli tushumlar to‘liq shakllanmayapti.
Shu sababli yuridik shaxslarda faoliyat yurituvchi rahbar xodimlarning bank plastik kartalariga kelib tushgan mablag‘lar yuzasidan tahliliy o‘rganishlar olib borilmoqda. Aniqlangan holatlar asosida soliq hisobotlarida aks ettirilmagan daromadlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi hamda soliq to‘lovchilarga xabarnomalar yuboriladi.
Soliq qo‘mitasi barcha tadbirkorlik subyektlarini amaldagi qonunchilikka qat’iy rioya qilishga, savdo tushumlarini to‘liq rasmiylashtirishga va soliq hisobotlarida haqqoniy aks ettirishga chaqirdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter