Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

2026 yilda energiya samaradorligiga yangi talablar joriy etiladi

2026 yilda energiya samaradorligiga yangi talablar joriy etiladi

O‘zbekistonda energiya resurslaridan samarali foydalanishni kuchaytirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar belgilandi. Bu Prezidentning 2026-yil 29-aprelda qabul qilingan «2026-yilda energiya samaradorligini yanada oshirish, energiya resurslarini tejash va ulardan oqilona foydalanishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–70-sonli Farmonida o‘z aksini topgan.

Farmonga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan boshlab davlat tashkilotlari, ijtimoiy soha muassasalari hamda davlat ishtirokidagi korxonalarning yangi quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan yoki mukammal ta’mirlanadigan bino va inshootlari energiya samaradorligining kamida «S» toifasiga javob berishi shart bo‘ladi. Bu talab binolarni loyihalash va qurish jarayonida energiya tejamkor yechimlarni joriy etishni rag‘batlantirishga qaratilgan.

Shu bilan birga, energiyani tejash iste’molchilarni elektr energiyasi yoki tabiiy gaz tarmoqlaridan uzib qo‘yish orqali emas, balki samaradorlikni oshirish orqali ta’minlanishi belgilandi. Bu yondashuv energiya ta’minotida barqarorlikni saqlash bilan birga, resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlashga xizmat qiladi.

Hujjatga ko‘ra, Energiya samaradorligi milliy agentligiga Energiya samaradorligini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali energiya servis kompaniyalari (ESKO) tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun kafolatlangan to‘lovlarni amalga oshirish huquqi berildi. Bu mexanizm sohada xususiy sektor ishtirokini kengaytirish va yangi loyihalarni jalb qilish imkonini oshiradi.

2026 yildan boshlab energiya sarfi belgilangan me’yorlardan keskin oshib ketgan davlat obyektlarida har yili xalqaro standartlar asosida energiya samaradorligini yaxshilashga qaratilgan dasturlar amalga oshiriladi. Bu orqali ortiqcha energiya sarfini kamaytirish va tizimli nazoratni kuchaytirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, 2026-yil 1-oktyabrga qadar energiya iste’molini tahlil qilishda zamonaviy raqamli yechimlar joriy etiladi. Xususan, Big Data, Business Intelligence va sun’iy intellekt texnologiyalari orqali energiya sarfi va samaradorlik ko‘rsatkichlarini doimiy monitoring qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring