“Adabiy konspekt”dan taralayotgan yog‘du
Taniqli jurnalist va mohir publitsist, doimo yoniq qalb, jur’at va shijoat bilan qalam tebratayotgan ijodkor Ahmadjon Meliboyevning yangi nashr etilgan “Siz yozmagan kitob” to‘plami — uzoq yillar davomida ko‘ngil tubida yetilib kelgan falsafiy, ma’naviy-axloqiy qarashlar, ibratli hikmatlar, milliy udum va odoblarimiz, qadimiy tarbiya an’analarimizni yodga soluvchi betakror namuna va fikrlardan tuzilgan o‘ziga xos ijodiy guldastadir.
Hamisha bedor va kuzatuvchan muallif qaysi lavozim yoki maqomda bo‘lmasin, o‘z qalb amriga bo‘ysunib yashaydi. U hayotdagi muammolarga duch kelganda, avvalo, ularning tub ildizini izlaydi, yechim yo‘llarini axtaradi va bu jarayonga kitobxonni ham sherik qiladi. To‘plamdagi bir qarashda jo‘n va oddiy tuyulgan fikrlar ortida o‘quvchini o‘yga toldiradigan, mustaqil mushohadaga undaydigan ma’nolar yashirin. Ular bir o‘qishdayoq ko‘ngil qatlaridan joy oladi.
Muallif o‘quvchini fikrlarni ko‘r-ko‘rona qabul qilishga emas, balki ularni shaxsiy dunyoqarash va tajriba mezonida qayta baholashga chaqiradi. Zero, ko‘pgina haqiqatlar aynan fikrlar xilma-xilligidan tug‘iladi.
Qo‘lyozmani mutolaa qilar ekanman, muallifning o‘ta kuzatuvchanligiga yana bir bor amin bo‘ldim. Bugun ko‘pchilik kitob o‘qiydi, dunyo voqealarini kuzatadi, ijtimoiy tarmoqlarda faol. Ammo aksariyat hollarda bu ma’lumotlar oddiy axborot sifatida qabul qilinib, u bilan cheklanib qolinadi. Ahmadjon Meliboyev esa bunday emas. U ta’sirchan fikrlar, yashirin haqiqatlarni ochuvchi fakt va raqamlar, qiyosiy tahlillar va muhim xulosalarni saralab, yozib boradi. Shu bilan kifoyalanmay, har bir ma’lumotning ma’no-mohiyatini chuqur anglashga intiladi va anglaganlarini o‘quvchi bilan baham ko‘rishga shoshiladi.
Muallif inson tabiatidagi salbiy illatlar — hasad, poraxo‘rlik, laganbardorlik, lanjlik va tanballikni o‘ziga xos yumor va keskin tanqid orqali fosh etadi. Shu bilan birga, sabr-toqat, ishonch va umid, ziyolilik, do‘stlik va saxovat kabi fazilatlarni ulug‘laydi. U buyuk ajdodlarimiz merosi bilan bir qatorda, zamonamizning taniqli olim, rassom, san’atkor, noshir, shoir va yozuvchilari hayoti va ijodidan ibratli misollar keltiradi. Bu misollar o‘quvchi tafakkurida jonli tasavvurlar uyg‘otadi.
Muallifning muloqot doirasi keng, mavzular qamrovi esa salmoqli. Kitobda turli kasb egalari — olimdan tortib tarbiyachi, san’atkor, sportchi, sayyoh, hatto qassob va fermergacha bo‘lgan insonlar bilan suhbatlar o‘rin olgan. Bu suhbatlardagi teran fikrlar va hayotiy xulosalar o‘quvchi xotirasida uzoq saqlanadi. Muallif xorij safarlari davomida ham o‘z kuzatuvchanligini namoyon etib, ta’sirchan taassurotlarni jozibali uslubda bayon etadi.
U dunyo sir-sinoatlarini hayrat bilan tadqiq etar ekan, inson va tabiat o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni chuqur his etadi. Shu asosda, har qanday jamiyatda adolat eng oliy mezon bo‘lishi kerak, degan xulosani ilgari suradi. Muxbir sifatida yurtimizning olis hududlarini kezgan, qo‘shni davlatlar hayotini yaxshi bilgan muallif tez o‘zgarayotgan dunyoda milliy tuyg‘u va or-g‘ururning susayishi, moddiylikka berilish kabi muammolarni ham chetlab o‘tmaydi.
Bir nafasda o‘qiladigan ushbu kitob muallifning bu asar ustida puxta va izchil ishlaganini yaqqol namoyon etadi. Uning har kuni fikrlarini qayd etib borish odati kitob mazmunida o‘z ifodasini topgan. Kitob sarlavhasining mohiyatini anglagan o‘quvchi, ehtimol, o‘zi ham qalam olishga ilhomlanadi. Aslida, muallifning maqsadi ham shu.
“Kitob o‘qir ekanman, ulardan topgan dur-javohirlarim, anglagan haqiqatlarim, mutolaa jarayonida tug‘ilgan fikrlarimni boshqalar bilan baham ko‘rish men uchun yoqimli mashg‘ulotga aylandi, — deb yozadi muallif. — Yangilik bo‘lgan so‘z va iboralar, noyob voqea-hodisalar talqini, ajdodlarimizning hikmatlari va esda saqlash qiyin bo‘lgan faktlarni yon daftarimga qayd etaman. Agar mendan bu dunyoda qanday meros qoldirishimni so‘rasalar, hech ikkilanmay, ana shu yozuvlarimni aytar edim...”
O‘quvchi ongini boyitadigan, fikr va mushohadaga chorlaydigan ushbu to‘plam kitob javonlarimizni yanada boyitishga xizmat qilishiga ishonchim komil.
Laziz Rahmatov,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi,
Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter