Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Aholining tibbiyot bo‘yicha murojaatlari keskin ko‘paydi

Aholining tibbiyot bo‘yicha murojaatlari keskin ko‘paydi

Raqobat qo‘mitasi ma’lum qilishicha, 2026-yilning o‘tgan davrida tibbiyot xizmatlari va farmatsevtika sohasi bo‘yicha 900 dan ortiq murojaat kelib tushgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan deyarli ikki barobarga ko‘paygan.

Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida tovar va xizmatlar uchun to‘langan 300 million so‘mdan ortiq mablag‘ iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.

Qo‘mita tahlillariga ko‘ra, sohadagi ayrim muammolar nafaqat iste’molchilar huquqlarining buzilishiga, balki halol va qonuniy faoliyat yuritayotgan xususiy tibbiyot muassasalari hamda tadbirkorlarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Tahlillarda xususiy tibbiy xizmat ko‘rsatish qoidalarining yagona va ochiq tartibda shakllanmagani asosiy kamchiliklardan biri sifatida qayd etilgan.

Shuningdek, kosmetologiya sohasida tibbiy va jarrohlik amaliyotlarini bajaruvchi xodimlarning malaka talablariga to‘liq rioya etmasligi, ayrim tibbiy buyumlar va preparatlarning davlat ro‘yxatidan o‘tmagani ham aniqlangan.

Bundan tashqari, xususiy klinikalarda EKO muolajalari bo‘yicha yetarli va tushunarli ma’lumot berilmasligi, shuningdek, muolajalarning ehtimoliy oqibatlari bemorlarga oldindan to‘liq tushuntirilmasligi ham dolzarb muammolar sifatida tilga olingan.

Qo‘mita mazkur holatlarning oldini olish maqsadida hududlarda tasdiqlangan reja-jadval asosida «sirli mijoz» tadbirlarini o‘tkazayotganini ma’lum qildi.

Ushbu tadbirlar doirasida tibbiyot xizmatlari va farmatsevtika sohasida iste’molchilar huquqlarini buzish holatlarini barvaqt aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring