Anomal issiq kunlarida tez yordam xizmatiga qancha chaqiriq kelib tushdi?
So‘nggi to‘rt kun davomida respublika bo‘yicha «103» xizmatiga jami 166 ming 726 ta chaqiriq kelib tushgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.
Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon G‘afurovning ta’kidlashicha, jazirama ob-havoda yurak-qon tomir, nafas yo‘llari va qandli diabet kabi surunkali kasalliklarga chalingan fuqarolar, shuningdek, keksalar, homilador ayollar va bolalar xavf guruhiga kiradi. Shu sababli ularning salomatligini doimiy nazorat qilish va zarurat tug‘ilganda tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish muhim ahamiyatga ega.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, aholini ehtiyot choralariga rioya qilish bo‘yicha ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali muntazam ogohlantirish ishlari olib borilgani sababli 9–12 iyul kunlariga nisbatan chaqiriqlar sonida jiddiy o‘sish kuzatilmagan.
Shifokorlar fuqarolarga kunning eng issiq vaqtlarida zaruratsiz tashqariga chiqmaslik, ko‘proq suv iste’mol qilish, yog‘li, qovurilgan va sho‘r taomlarni cheklab, yengil hazm bo‘ladigan ovqatlar hamda sabzavotli salatlarni ko‘proq iste’mol qilishni tavsiya etmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter